20 Apr Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga 2018/2019 o`quv yili uchun qabul kvotalari belgilandi

2018/2019 o‘quv yili uchun Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga qabul to‘g‘risida Hukumat qarori (VMQ–295, 18.04.2018 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichiga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha 400 kishi to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi:

– “Mashinasozlik texnologiyasi” – 200 kishi;

– “Sanoat-fuqarolik qurilishi va arxitektura” – 50 kishi;

– “Axborot texnologiyalari va sanoatda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi” – 100 kishi;

– “Aviakosmik injiniring” – 50 kishi.

Magistratura bosqichiga 25 kishi “Mexatronika” yo‘nalishiga to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi), «O‘zavtosanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi va boshqa manfaatdor xo‘jalik birlashmalari hamda korxonalari tomonidan notijorat tashkilot sifatida tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasasidir.

Turin politexnika universitetida (Italiya Respublikasi) qabul qilingan ta’lim dasturlariga hamda oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan umumiy e’tirof etilgan xalqaro talablarga, O‘zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi maqsad va vazifalariga muvofiq avtomobilь, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, energetika, sanoat va xo‘jalik ob’ektlarini loyihalashtirish hamda qurish korxona va tashkilotlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash Universitetning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Abiturientlarni qabul qilish va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, Turin politexnika universitetida (Italiya Respublikasi) belgilangan tartib, talab va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Talabalarni o‘qitish, O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda, Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha olib boriladi va Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Turin politexnika universitetining (Italiya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.