19 Noy Universitetimiz talabalari Kichik Chimgan cho’qqisini zabt etdilar

Yurtimizda, qolaversa universitetimizda fan va texnika rivoji uchun katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bitiruvchilarimiz va talabalarimiz universitetimiz shuhrati va yurtimiz kelajagi uchun qilayotgan xizmatlari quvontirmay qo’ymaydi albatta. Yaqin yillarda talabalarimiz orasidan etishib chiqayotgan yangi kadrlar texnika va fan olamida yangi marralarni zabt etishiga ishonamiz.

Ma’lumki O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida»gi PF-5326-son Farmoni kuchga kirgan. Ushbu farmon ijrosini ta’minlash, shuningdek talabalarimiz bilan madaniy xordiq chiqarish, tabiatga bo’lgan muxabbatlarini oshirish maqsadida 2018 yil 11 noyabr kuni Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanida qad rostlagan, dengiz sathidan 2100 metrda joylashgan Kichik Chimgan cho’qqisiga sayoxat uyushtirildi.
Xavo bulutli va salqin bo’lishiga qaramay kuchli g’ayrat va shijoat ila ushbu cho’qqini zabt etishga sayoxatga kelgan barcha talabalarimiz erishdilar. Undan so’ng ko’pchilik sayoxatchilarga ma’lum bo’lgan Gulkam vodiysi bo’ylab atrofi katta qoya-yu toshlardan iborat daradagi sharsharani tomosha qilgani bordilar.
Go’zal manzara, pastlab suzib yurgan bulutlar, tog’lar oralab mo’ralayotgan quyosh kayfiyatga o’zgacha jilo bahsh etdi. Esdalik uchun olingan fotosur’atlar talabalik davridagi xotiralarda abadiy muhrlanib qolishi shubhasiz.