06 Dek “Biz ixtirochimiz” ko’rik tanlovi bo’lib o’tdi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O’zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi farmoni va 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan biri yoshlarning intelektual salohiyatini oshirish ko’zda tutilgan. Shu maqsadda joriy yilning 5 dekabr kuni universitetimizda “Biz ixtirochimiz” ko’rik tanlov o’tkazildi.
O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Shoyxontoxur tumani mahalliy Kengashi, tuman xalq ta’limi bo’limi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan har o’quv yilida bir marotoba o’tkazilayotgan “Biz ixtirochimiz” ko’rik tanlovida Shayxontoxur tumanida joylashgan maktab o’quvchilari ishtirok etishdi.
Har bir ishtirokchi ijodiy va bilim cho’qqilari, iste’dod va intelektual salohiyatlarini o’zlarining yaratgan yangi ixtirolarida namoyish qilishdi.
Universitet professor-o’qituvchilari va muhandislaridan iborat hakamlar hay’ati esa yangi texnika va robototexnika ishlarini odil baholashga harakat qilishdi.
Ko’rik tanlovda g’olib bo’lgan ishtirokchilar Shayxontoxur tuman Yoshlar ittifoqi yetakchisi va Turin politexnika universiteti rektori tomonidan sertifikatlar va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.
Universitetimiz rektori K.A.Sharipov tadbir so’ngida yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlarimizga kelgusida ulkan muvafaqqiyatlar tilab, O’zbekiston nufuzini ko’klarga ko’tarishni tiladi va bu borada universitetimizda tashkil etilgan “Robototexnika” markazi, qolaversa universitet raxbariyati qo’ldan kelgancha barcha sharoitlarni yaratib berishini bildirdi.