20 Fev Qalami olamni zabt etgan siymolar

Ayni kunlarda millatimiz ma’naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi yurtimizning barcha muassasa hamda tashkilotlarida keng nishonlanmoqda. Daholarning bebaho asarlari ma’naviy teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangan.

Shu munosabat bilan universitetimizda, 2019  yil 14 fevral kuni O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktyorlari – O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Tesha Mo‘minov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova  ishtirokida adabiyotimizning ikki ulug’ vakillari Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag’ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda  universiet  talabalari, TTPU huzuridagi akademik litsey va Toshkent qurilish milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji o‘quvchi-yoshlari qatnashdilar.

Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor  A.Ashurov ochib berdi va taniqli san’atkor O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Tesha Mo‘minovga so‘z berdi. “Mutafakkir Alisher Navoiyning boy merosi, asarlarida ulug‘langan milliy va umumbashariy g‘oyalar insonni tarbiyalaydi, ezgulikka chorlaydi ” – deb ta’kidladi Tesha Mo‘minov hamda allomaning ana shunday o‘lmas asarlaridan namunalar o’qib berdi.

Alisher Navoiy va Bobur ijodida o‘xshash jihatlar ko‘p. Ular ko‘ngil, ishq, iymon, odob-axloq, qanoat, saxovat, vafo kabi tushunchalarni teran sharhlaydi. Ota- onani, Vatanni e’zozlash zarurligini ta’kidlaydi. Inson bu hayotda yaxshi nom qoldirishi, umrini ezgulik va yaxshiliklar qilish bilan bezashi muhimligini uqtiradi. Bularni yoshlar ongiga etkazishda bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muhim o‘rin tutadi. Aktyorlarimiz davra suhbatida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘ziga xosliklari, zamonaviy o‘zbek san’atiga ta’siri, “Boburnoma” asarining esa o‘zbek va dunyo madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdilar.

Ulug‘ allomalarimiz hayoti va ijodini o‘rganish, ularning yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilgan asarlari mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, navqiron avlod ongiga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiy va Bobur Mirzoning tavallud kunlari munosabati bilan tashkil etilgan “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” kechalari bu boradagi ishlarning izchil davomidir.

Tadbir so‘ngida,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist  Shohida  Ismoilova o‘zi rol ijro etgan “Qadamlar” filmidan monolog ijro etdi va talaba-yoshlarga ushbu film mazmuni bo‘lmish – Ona yurtni sevish, uni ulug‘lash, shukronalik hissi bilan yashash kerakligi to‘g‘risida so‘zladi.

Shu kuni bo’lib o’tgan  madaniy-ma’rifiy kecha tinglovchilarga manzur kelib, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aktyorlarimiz tomonidan mazmunli javob oldilar.