22 Fev “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” II Respublika tanlovining yakuniy bosqichi bo’lib o’tdi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida shu yilning 18-19 fevralda bo‘lib o‘tgan tadbirda ayollarining ishlanmalari bilan atroflicha tanishish, yangiliklarning o‘ziga xosligi, afzalligiga oid ilmiy taqdimotlarda qatnashish imkoniyati yaratildi. Ishlanmalar tibbiyot, ta’lim, ilg‘or texnologiyalar, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olgan.

Tadbirda “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida ayollar o‘z texnik loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion ishlanmalarini amaliyotga joriy etish istagida bo‘lgan olimalar, doktorantlar, iste’dodli talaba va o‘quvchi qizlar, ixtirochilar, ratsionalizator, muhandis, konstruktor, dasturchi, shifokor, tadbirkor ayollarning izlanishlari atroflicha o‘rganildi.

Shuningdek, universitet 2-bosqich talabasi Abdikalikova Surayyo ham o’zining “Innovatsion vertikal bog’” mavzusida o’z loyihasi bilan qatnashdi.

Respublika ekspertlar kengashi tomonidan ishlanmalarning yangiligi, mazmun-mohiyati, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy samarasi, ahamiyati kabi jihatlarga asosiy e’tibor qaratildi. Eng yaxshi loyiha va g‘oyalar mualliflariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yakunda 300 dan ziyod ishtirokchilarning innovatsion lo­yihalari orasidan 100 ta eng munosibi saralab olinib, ularni amaliyotga joriy qilish rejalashtirilgan.

Ishtirokchi xotin-qizlarning innovatsion loyiha, texnologiya mahsulotlari ko’rgazmasi tashkil etildi. Unda universitet professor-o’qituvchilari va talabalari qatnashib o’zlariga ma’qul kelgan qo’l mehnati bilan yasalgan buyumlardan xarid qildilar.