01 Apr Universitetimizda “ITALIAN DESIGN DAY” konferensiyasi bo’lib o’tdi

29 mart kuni universitetimizda “ITALIAN DESIGN DAY” xalqaro konferensiyasi bo’lib o’tdi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti,  Toshkent arxitekturaqurilish instituti, Italiyaning O’zbekistondagi elchixonasi hamda Italiyaning Politecnico di Torino universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu yirik konferensiya “DIZAYN VA KELAJAK SHAHAR” mavzusiga bag’ishlandi.

Konfenesiyaning ochilishida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori K.A.Sharipov, Toshkent arxitekturaqurilish instituti rektori R.R.Hakimov hamda  Italiyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Andrea Bertotssi so’zga chiqdilar va o’tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya Italiya modasining boy tajribasini yaqindan o’rganish, mashhur arxitektorlarning o’zi bilan yuzma-yuz muloqotda bo’lish, dunyodagi  ishlab-chiqarish va qurilish sohasida bo’layotgan yangiliklar to’g’risida keng fikr almashish imkonini berishini ta’kidlab o’tdilar.

Konferensiyada Italiya va dunyoning boshqa mamlakatlarida faoliyat yuritib kelayotgan mashhur arxitektorlar, dizaynerlar va injinerlar, qurilish kompaniyalari vakillari hamda yurtimizdagi soha mutahassislari, arxitektura va qurilish kompaniyasi vakillari va ishbilarmonlar ishtirok etishdi. Xususan, o’zining arxitektorlik ishlari bilan Genuya, Milan hamda Parij shaharlarida faoliyat olib boruvchi mashhur arxitektor Alfonso Femianing “Ertaga -bu kechagi kunning kelajagi: sayohat” mavzusidagi  taqdimoti yig’ilganlarda katta qiziqish uyg’otdi.

Konferensiyada nafaqat  Italiyadan tashrif buyurgan mutahassislar balki yurtimizda arxitektura va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi professorlar ham o’z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Xususan, Toshkent arxitekturaqurilish instituti professori M.Ahmedov “Mahalla-mahalliy aholi tarbiyasining o’chog’i” , Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professori K.Mannonova “Yashil va “Aqlli” Shahar” mavzusidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Tqdimotlarda soha mutahassislari O’zbekistondagi shaharsozlik istiqbollari, yurtimizda mashinasozlik va arxitektura sohasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng islohotlar, poytaxtimiz Toshkent shahri  va viloyatlarda bunyod etilayotgan ishbilarmonlik va biznes markazlari, zamonaviy turar joylar, magistrallar hamda milliy va zamonaviy me’morchilikni uyg’unlashitish tendensiyasi asosida qurilayotgan inshootlarning to’g’risida ma’lumotlar berishdi.

Mazkur xalqaro konferensiya doirasida yurtimizning kompaniya va korxonalari vakillari italyan arxitektorlar, injinerlar hamda ishbilarmonlari bilan tajriba almashish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qulay fursatni yaratdi. Bu omillar esa, shubhasiz, mamlakatimiz arxitektura va shaharsozlik sohalarini yanada yuksalishiga xizmat qiladi.