08 May Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining 10 yilligi keng nishonlandi

2009 yil 27 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi  Prezidentining “Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bu yil o’zining 10 yilligini nishonlamoqda.

Universitetimizning 10 yilligiga bag’ishlangan bayram tadbirlari joriy yilning 6-8 may kunlari o’tkazilishi rejalashtirilgan edi. 6 may kuni  universitetimizning 10 yilligiga bag’ishlangan asosiy tadbirlari: Manganorobot Central Asia markazining ochilishi hamda universitet bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo’lib o’tdi.

Manganorobot Central Asia markazining ochilish marosimida Manganorobot Central Asia bosh direktori Bexzod Ayupov hamda universitet rektori K.A.Sharipovga so’z berildi. Ma’lumot uchun :  2019 yil  24 aprel kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida MANGANOROBOT Central Asia kompaniyasi tomonidan universitet  salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihasi doirasida ishlab chiqaruvchining eng zamonaviy robot manipulyatorlaridan biri — Comau o‘rnatildi. Robot yangi mutaxassislarni tayyorlashda, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar uchun ishlatiladi. Payvandlash, paletizatsiya, yopishtirish va yelimlash kabi operatsiyalar orqali amalga oshiriladigan turli vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan.

6 may kuni kechga tomon uzoq kutilgan universitet bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi boshlandi. Ushbu bayram tadbiriga ko’plab mehmonlar xususan, hamkor tashkilotlarning vakillari ham tashrib buyurishdi. Tadbir avvalida “Uzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sh.B. Umurzakov, Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori janob Guido Sarocco,Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori K.A.Sharipov Italiya Respublikasining O’zbekistondagi favqulotda va muhtor elchisi Andrea Bertossi so’zga chiqdilar. Mehmonlar tomonidan yil davomida fan ko’rsatkichlari bo’yicha yuqori natijalarni qayd etgan hamda universitet ijtimoiy hayotida faol bo’lgan talabalarga “The Best Student” mukofotlari topshirildi.

Shundan so’ng, tadbirning asosiy marosimi bitiruvchilarga diplom topshirish jarayoni boshlandi. Shu kuni bitiruvchi talabalarga universitetda olgan bilimlarining ramzi sifatida bakalavrlik hamda magistrlik diplomlari topshirildi. Talabalarga diplomlarni “Uzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Umurzakov Shavkat Buranovich hamda Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori janob Guido Sarocco topshirdilar.

Bu yilgi diplom topshirish marosimi universitetning 10 yillik to’yi doirasida o’tganligi sababli ham tadbirga yuksak darajada tayyorgarlik ko’rildi. Simfonik orkestr tomonidan chalingan  go’zal kuylar va qo’shiqlar, universitetning 10 yilligiga bag’ishlab ishlangan video roliklar marosimga o’zgacha ko’tarinkilik baxsh etdi.

Marosim so’ngida bitiruvchilar o’zlarining quvonchli onlarini tarixga muhlashlari uchun ustozlari, ota-onalari va yaqinlari  bilan birga fotosessiyaga taklif qilindilar.