11 May Universitetimiz 10 yilligi arafasida “Yuventus” akademiyasi ochildi

Joriy yilning 7 may kuni universitetimizning  10 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar doirasida o’tkazilishi rejalashtirilgan muhim marosimlardan biri “Yuventus” akademiyasi ochilishi bo’lib o’tdi.

Tadbirda Italiyaning “Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish boʻyicha ijrochi direktori Karolina Kiappero, akademiyaning Toshkentdagi ijrochi direktori Timur Sultanov,  prezidentning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov hamda universitet rektori K.Sharipov ishtirok etishdi.

Shu kuni “Yuventus” akademiyasining rivojlanish rejalari haqidagi fikrlarni tinglash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o’tkazildi.

Matbuot anjumanida “Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish boʻyicha ijrochi direktori Karolina Kiappero “Men “Yuventus”ning 58-akademiyasi ochilish marosimida ishtirok etayotganimdan baxtiyorman. Biz O‘zbekistonda sport sohasida katta o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Umid qilamanki, akademiyamiz mamlakatda futbolni rivojlantirishda yordam beradi”, – deya ta’kidlab o’tdi.

Akademiyaning asosiy vazifasi – bolalarga ta’lim berish, nafaqat professional futbolchilarni, balki jamiyatning munosib a’zolarini tarbiyalashdan ham iborat. Shuning uchun o‘quv muassasida tarbiyalanuvchilarning ham jismoniy tayyorgaligiga ham umumiy rivojlanishiga katta e’tibor qaratiladi.

Akademiyaning ochilish marosimida “Yuventus” klubi murabbiylari universitetning ochiq futbol maydonida Yuventus” klubi formasidagi  bolalar uchun mahorat darslari oʻtkazishdi.