21 May Inson xotirasi – muqaddas, inson qadri ulug’!

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti “Yoshlar bilan ishlash bo’limi” 9-may “Xotira va qadirlash kuni” arafasida 17-may kuni Toshkent shahridagi “Xotira maydoni”ga va O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Davlat muzeyiga sayohat uyushtirdi. Unga universitet xodimlari farzandlari, “Chimboy” va “Achaobod” mahallasidan o’quvchi-yoshlar jalb etildi.

Sayohat davomida o’quvchi-yoshlar dastavval, xotira maydoniga tashrif buyurdilar. Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat xotirasi va tarixi bilan ulug’lanadi. Xalqimiz tomonidan insonni e’zozlash, unga ehtirom ko’rsatish o’tganlar ruhini shod etib, Vatan tinchligi yo’lida fidoiylik ko’rsatgan, yurt taraqqiyotiga hissa qo’shgan insonlarni qadrlab, o’z minnatdorchiligimizni izhor etish maqsadida xotira maydoni ziyorat qilindi. Xotira maydoni uzra sokin musiqa sadosi taralib, janggohlarda jon bergan vatandoshlarimizning nomlari abadiy muhrlangan “Xotira kitobi”ning zarhal varaqlari Vatanning  fidoyi o’g’lonlari qismatidan shahodat beradi. Motamsaro ona qiyofasida iztirob umidi namoyondir.

Ikkinchi manzil esa, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Davlat muzeyi bo’lib, muzey 1965 yilda tashkil topgan. Muzey ekspozitsiyasi Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san’ati, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rivojlanishining hozirgi davrini aks ettiradi. Shuningdek muzeyda buyuk sarkarda Amir Temurga bag‘ishlangan alohida «Temuriylar davri harbiy san’ati» ekspozitsiyasi ham mavjud. Bu yerda harbiy yurishlar xaritalari, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o‘rin olgan. O‘zbekiston xalqining ikkinchi Jahon urushida ishtirokiga bag‘ishlangan ekspozitsiya ham mavjud. «Mustaqil O‘zbekistonni qo‘riqlash» ekspozitsiyasida qo‘shin turlari, harbiylar hayoti, ularning jangovar va harbiy-siyosiy tayyorgarligi haqida o’quvchi-yoshlar qiziqarli ma’lumotlar oldilar.

O’quvchi yoshlar “Xotira maydoni” va O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Davlat muzeyiga tashrifi ularda urush kezlaridagi mashaqqatni his etib, hozirgi tinch, osmoni musaffo, mustaqil O’zbekiston yurtimizga bo’lgan shukronalik hissi ortishiga xizmat qildi.