31 Iyul “2019 WORLD FRIENDS KOREA ICT VOLUNTEERS” BILAN HAMKORLIKDAGI LOYIHA VA TREYNINGLAR

Ayni kunlarda “2019 World Friends Korea ICT Volunteers” dasturi bo’yicha universitetimizga tashrif buyurgan Koreyalik IT mutahassislari va talabalardan iborat jamoa navbatdagi yozgi loyiha bo’yicha faoliyat olib bormoqdalar. Ikki guruhga bo’lingan ushbu ko’ngillilar jamoasining “FIT” guruhi universitetimizda IT yo’nalishi bo’yicha tahsil olayotgan talabalar uchun “Cloud Computing” texnologiyasi bo’yicha dars mashg’ulotlarini olib bormoqda.
“IT-Arirang” deb nomlangan Koreyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri bo’lgan Chung Cheong universiteti professori Von-Bo Shim boshchiligidagi jamoa esa universitetda AKT bilan bog’liq yangi “Web application of attendance control and management system” loyihasini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.
Universitetimiz talabalarining o’quv mashg’ulotlardagi ishtirokini kuzatar ekan, professor Von Bo Shim : “Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalarining IT bo’yicha bilimlari juda yuqori va ularda zamonaviy kompyuter texnologiyalarini o’rganishga bo’lgan ishtiyoq baland. Ayniqsa, talabalarning ingliz tilida bemamlol muloqot qilishlari Koreyalik mutahassislar va talabalar bilan erkin fikr almashishda qo’l kelmoqda. Ushbu IT mashg’ulotlari talabalarga Koreyaning IT-texnologiyalari bo’yicha o’rtoqlashish va O’zbekistonlik talabalar bilan bir-birlarining madaniyatini yaqindan bilib olishlari uchun imkoniyat bo’ladi deb umid qilaman. ” – deya ta’kidlab o’tdi.
Qayd etish mumkinki, universitetimiz bir necha yillardan beri Koreya Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va Koreya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etiladigan hamda Axborot jamiyati milliy agentligi tomonidan boshqariladigan “World Friends Korea ICT Volunteers” tashkiloti bilan hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. World Friends Korea ICT -ko’ngillilari hozirga qadar MDH mintaqasi bo’lgan dunyoning 16 mamlakatidagi xalqaro tashkilotlar va universitetlarda, xususan, O’zbekiston, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shu jumladan Vetnam va Mo’g’uliston, Markaziy va Janubiy Amerika, Afrika va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritib kelgan.
Bu yili olib borilayotgan mashg’ulotlarda nafaqat IT texnologiyasi bo’yicha dasrlarni tashkil etish, o’zaro tajriba almashish balki Koreya va O’zbekiston madaniyati bilan yaqindan tanishish orqali do’stlik aloqalarini yaxshilash ko’zda tutilgan.