02 Okt 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan universitetimizda bayram tadbiri bo’lib o’tdi

TTPU

Yurtimizda har yili 1-oktabr sanasi O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bu bayram avvalo o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat ehtiromining yaqqol namunasidir.

Joriy yilning 30-sentabr kuni  universitetimizda sharafli  kasb egalarining qutlug‘ ayyomi  munosabati bilan “Mehnati elda aziz ustozim” nomli katta bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirni universitetimiz rektori  O‘ktam Salomov ochib berdi va barcha ustoz va murabbiylarni  bayram bilan samimiy qutladi . Shundan so’ng, universitetimizda faoliyat olib borayotgan bir qator professor-o‘qituvchilarga 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan, mamlakatimizda yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g’oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimida ko’p yillar samarali mehnat qilganligi, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun faxriy yorliqlar topshirildi.

Bayram tadbiri universitetimiz talabalari tomonidan tayyorlangan ajoyib konsert dasturi bilan davom etdi. Talabalar tomonidan ijro etilgan jonli  ijrodagi qo’shiq va raqslar, ustozlarni madh etuvchi she’rlar, sahna ko‘rinishlari  hamda video tabriklar ustozlar va barcha yig’ilganlarga yuqori kayfiyat bag’ishladi. Bayram so‘ngida barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.