03 Okt UNIVERSITETIMIZDA START-UP LOYIHALAR SEMINARI TASHKIL ETILDI

TTPU

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning innovatsion g‘oyalari va kashfiyotlarini har tomonlama qo‘llab quvvatlash,  ularni amaliyotga tadbiq etish va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 27 sentabrida universitetimizda “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqovning universitetimiz iqtidorli  talabalari va injiner xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ham aynan shunday iqtidorli yoshlarni aniqlab,  ulardagi ilg‘or izlanishlarni va g‘oyalarni amalga oshirishlarida ko‘maklashish va bunday yoshlar sonini ko‘paytirish maqsadida tashkil etildi.  UzAuto Market innovatsion startap-maydonchasi loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda universitetimizning 20 ga yaqin talaba va yosh  injiner mutaxassislari o‘zlarining 25 ta yangi ishlanma va g‘oyalarini namoyish etishdi.  Taqdim etilgan loyihalar orasida ham atvomobilsozlik sohasidagi ishlanmalar,  ham boshqa tarmoqlarda qo‘llaniladigan loyihalar mavjud edi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga UzAuto Market innovatsion startap-maydonchasining faoliyati  va imkoniyatlari bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi.  Har qanday murakkablikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun startaplar mualliflari universitet qoshidagi UzAuto Innovatsion Markazi imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Shu kuni talabalar ochiq muloqot jarayonida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar va o‘z takliflarini ham bildirib o‘tdilar.