06 Noy Universitet talabalari “O’zavtosanoat” AK startap-loyihalari g’oliblariga aylanishdi

TTPU

“O’zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan UzAuto Market startap loyihalari tanlovi o’tkazildi. UzAuto Market startap-platformasi – bu O’zbekistondagi birinchi noyob loyiha bo’lib, u yoshlarga muhandislik, tibbiyot, marketing va boshqa faoliyat sohalarida yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish g’oyalarini amalga oshirishga imkon beradigan loyiha. Tanlovga O’zbekistonning barcha viloyatlaridan 140 dan ortiq arizalar kelib tushdi, shundan eng loyiq deb topilgan 20ta loyihalar korib chiqish uchun saralab olindi.

Joriy yilning 31 oktyabr kuni ushbu 20ta innovatsion loyihaning taqdimoti bo’lib o’tdi. Loyihalar “O’zavtosanoat” AK, O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining texnoparki (IT Park) tomonidan baholandi.

Hakamlar hay’atining fikriga ko’ra birinchi 2 o’rinni Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari egalladilar. Eng yaxshi deb topilgan “Mobil telefon yordamida avtomashinalarni ovozli boshqarish tizimlari (Shaxcar Smart System)” loyiha muallifi Sh.Xaydarovga birinchi o’rin berildi va unga 30 million so’m mablag’ ajratildi. Avtomatik Boshqaruv va Kompyuter injiniringi kafedrasi bo’lim boshlig’i Mahamatov N.E. boshchiligidagi Toshpulatov Z.D. va Pirnazarov M.M. larning “Ko’krak bezi saratonini sun’iy intellekt yordamida aniqlash” loyihasi 2-o’rin g’olibligini qo’lga kiritdi. Loyiha mualliflari 20 million so’m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Tanlov g’oliblarini tabriklaymiz va ularga innovatsion loyihalarini amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!