26 Fev Islomda ekstremizm va terrorizmga o‘rin yo‘q!

TTPU
image_print

Mamlakatimizda muqaddas dinimiz sofligini saqlash, islom madaniyatini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, yangi masjid-madrasalar barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda, afsuski, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarni keltirib chiqarish yo‘li bilan o‘z maqsadlariga erishishni ko‘zlaydigan kuchlar bor ekan, sun’iy ravishda nizoli vaziyatlarni vujudga keltirishga qaratilgan harakatlar ham to‘xtamaydi. Zero, g‘oyalar kurashi avj olgan XXI asrda ham tinchlik ne’mati ko‘plab mamlakatlar uchun hamon orzu bo‘lib qolmoqda. Bunga 2011-2016 yillarda ba’zi arab mamlakatlarida ro‘y bergan va hamon davom etayotgan siyosiy inqirozlar oqibatida yuzaga kelgan qonli to‘qnashuvlar misol bo‘la oladi. Mazkur davlatlarda bo‘lib o‘tgan xunrezliklar, go‘yoki «arab bahori» nomi bilan begunoh odamlarning yostig‘ini quritayotganlar ham asosan dinni niqob qilib olgan kuchlar ekani, ular ekstremistik oqim va terroristik guruhlardan foydalanayotgani ham hech kimga sir emas.

Joriy yilning 20-fevral kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Islomda ekstremizm va terrorizmga o‘rin yo‘q” va “Ijtimoiy tarmoqlarda axborot xuruji”.mavzularida davra suhbati o‘tkazildi.

“Yoshlar bilan ishlash” bo‘yicha prorektor Alisher Ashurov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berdi.Diniy ekstremizm va terrorizmning jahon hamjamiyatiga solayotgan tahdidi, bu kabi illatlardan yoshlarni asrash, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizni asrab-avaylash masalasida to‘xtalib o‘tdi. Diniy-ekstremistik tashkilotlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikasiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Ayniqsa, yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Shuningdek, mobil messenjerlarning ijtimoiy tarmoqqa ko‘prik vazifani o‘tab berayotgani, ularning ishini ancha yengillashtirmoqda.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga harakat qilayotgan turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, zarur vaqtda ana shunday kuchlarga qarshi ma’rifat ilmi bilan qarshi kurashish kerakligini tushuntirishdan iborat.

Keyingi so‘z navbati O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi o‘qituvchisi Dilafruz Turdievaga berildi. Dilafruz Turdieva o‘z so‘zida, bugungi kunda dunyo davlatlarini tashvishga solayotgan diniy ekstremizm va terrorizm kundan-kunga yangicha ko‘rinishga kirib borayotganligi, islom dinini niqob qilib olgan qator terroristlik tashkilotlar haqida batavsil ma’lumotlar berib, jumladan terroristlik tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan qator harakatlarni misol qilib ko‘rsatdi. Shuningdek, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan din niqobi ostida faoliyat yuritayotgan turli diniy ekstremistik tashkilotlarning yoshlarni aldov yo‘li bilan o‘z saflariga qo‘shib olayotganidan kelib chiqib, talaba-yoshlarni bunday guruhlar tahdididan doimo ogoh va hushyor bo‘lishga da’vat etdi. Terroristlik tashkilotlarning internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda faolligi sababli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda juda ehtiyotkor bo‘lish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Internet fan-texnika taraqqiyot evolyusiyasining hosilasi hisoblanadi. Hozirgi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish juda mushkul. Ayniqsa, yoshlar hayotida global tarmoqning o‘rni tobora oshib bormoqda. Internet dunyoning turli nuqtalarida yashovchi odamlarning o‘zaro muloqotini hamda axborot almashinuvini mukammal darajada osonlashtirdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internetdan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan. Yurtimizda ham Internet tizimi rivojlanib, undan foydalanuvchilar safi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda dedi Dilafruz Turdieva.

Davra suhbati so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib mutahassis tomonidan kerakli hulosani olish imkoniyatiga ega bo’ldilar.