1

TTPUda Amir Temur tavalludining 687-yilligiga bag’ishlab madaniy tadbir o’tkazildi.

Joriy yilning 5 aprel kuni universitet talabalari hamda akademik litsey o‘quvchi-yoshlari ishtirokida Amir Temur tavalludining  687- yilligiga bag‘ishlab “Jahon tamaddunida Sohibqiron Renessansi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda mehmon sifatida O‘zbekiston Xalq artisti Tesha Mo’minov, Respublika akterlar uyi direktori Munira Raximova va akademik litsey tarix fani o‘qituvchisi Sayyora Xakimova ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet birinchi prorektori A.Ashurov ochib berib, o‘z nutqida 9 aprel kuni O‘zbekistonda buyuk davlat arbobi va sohibqiron Amir Temurning 687-yilligi keng nishonlanishi hamda Temur va temuriylar sulolasi davridagi moddiy va ma’naviy meroslar, ularni bugungi kunda xalqimiz tomonidan o‘rganilishi milliy o‘zligimizni anglashga zamin yaratishini qayd etdi.

Akademik litseyning tarix fani o‘qituvchisi Xakimova Sayyora Amir Temur – o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi hamda ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. O‘z davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun birinchi navbatda harbiy va eng muhim iqtisodiy islohotlar o‘tkazdi. Shuningdek, Amir Temur taraqqiyot uchun yagona davlat, o‘zaro totuvlik, ishbilarmonlarga qulay mulkiy va huquqiy sharoit yaratishga, ayniqsa savdo-sotiqni rivojlantirishga alohida e’tibor bergani va bunyodkorlik sohasida ham katta o‘zgarishlar kiritgani to‘grisida tarixiy hujjatlarda saqlangani va zamondoshlarimizga yetib kelgan manbalar yuzasidan ma’lumot berdi.   

Tadbir mehmoni O‘zbekiston Xalq artisti Tesha Muminov buyuk bobokalonlarimiz haqida so‘z yuritar ekan, tarixiy shaharlar, go’zal makonlarning ko‘pchiligi Amir Temur va temuriylar davrida vujudga kelganini qayd etdi. Milliy mustaqillik tufayli jahon ma’naviyati va ma’rifati sohasida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lgan ajdodlarimizni va ular qoldirgan boy ma’naviy-ma’rifiy merosni teran anglash, o‘rganish va ulug‘lash imkoniyati yuzaga keldi. 

Mehmon Amir Temur bizga meros qilib qoldirgan “Temur Tuzuklari” asaridan so‘zlab, Amir Temurning ayollarga bo‘lgan hurmati va e’tibori, ularni ulug‘laganlari haqida gapirib, shu mavzuga doir she’r o‘qib berdilar.

O‘z so‘zlarining yakunida T.Mo‘minov yoshlarga murojaat qilib shunday buyuk insonlarning o‘gitlarini o‘rganib, ularni tahlil qilib, kelajakda yurt manfaati uchun foydalanish kerakligi haqida aytib o‘tdilar.

Tadbirni universitet musiqa to‘garagi rahbari M. Saparboyev “Vatan” to‘g‘risida musiqali chiqishlari bilan yakunlab berdilar.
Tadbir juda qiziq va mazmunli bo‘lib o‘tdi.