1

Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti Yaponiyaning Xiroshima universiteti va Balcom kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4553 son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, 2020 yil 18-21 yanvar kunlari Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori U.Salomov va universitet Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i J.Abdujalilov Yaponiyaning Xiroshima shahriga tashrif buyurdi.

2020-yil 19-fevral kuni Xiroshima universiteti prezidenti Mitsuo Ochi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini o‘rntaish bo‘yicha Akademik va ta’lim almashinuv Shartnomasi imzolandi.

Xiroshima universiteti vise-prezidenti Yasushi Maruyama va Muhandislik fakul’teti dekani Professor Atsushi Sugeta, Xalqaro ishlar qo‘mitasi boshlig‘i Professor Toru Takashina bilan uchrashuvda Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabalari Xiroshima universitetida magistraturada tahsil olishi, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, kelgusida ikki tomonlama tibbiyot fanlari nomzodi darajasini berish bo‘yicha qo‘shma dasturni joriy etish kelishib olindi.

Balcom kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida mutahassislar tayyorlash markazini tashkil etish bo‘yicha Shartnoma imzolandi. Ushbu markazning maqsadi Yaponiyaning nufuzli kompaniyalari bilan tajriba almashish,  universitet bitiruvchilarini malakasini oshirish va global mehnat bozorida raqobatlasha oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida texnik ko‘nikmalarni o‘rgatishdan iborat. Shuningdek,  markazni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar kelgusida Yaponiya hududidagi xalqaro kompaniyalarda malaka oshirish uchun yuborilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, universitetning iqtidorli talabalariga Xiroshima universitetida magistraturada tahsil olish uchun Balcom kompaniyasi tomonidan grant dasturi joriy etiladi.

Xiroshima universitetining akademiya-industriya hamkorligi bo‘yicha tajribasi Treining markazga joriy etiladi va uch tomonlama faoliyat olib boriladi.