1

TTPU talabalari tomonidan kelib tushgan savollarga javoblar

Assalomu alaykum, hurmatli talabalar!

Jahon miqyosida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish borasida barcha soha va jabhalarda qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu jarayonlardan mamlakatimiz ham chetda emas. Jahon va O‘zbekistonda kechayotgan vaziyat ta’lim tizimiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu sababli, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar distansion, masofaviy o‘qitish tizimiga o‘tdi va o‘tmoqda.

Shu jumladan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti ham hozirgi holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, Muhtaram Prezidentimizning koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha murojaatida belgilab o‘tilgan ko‘rsatmalardan kelib chiqqan holda, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 martdagi №233-sonli buyrug‘iga asosan, shu yilning 1 aprelidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalari, COVID-19 bo‘yicha karantin davrida, masofaviy ta’lim shakliga o‘tilishi belgilab qo’yilgan. Ushbu buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida, Turin politexnika universiteti (Italiya) masofaviy ta’lim dasturiy platformasiga universitetimizda o‘qitiladigan barcha fanlar kesimidagi (birinchi navbatda joriy semestr uchun) elektron resurslar (video darslar, o‘quv-uslubiy majmualar, o‘quv adabiyotlarining elektron shakllari, amaliy mashg‘ulotlar uchun topshiriqlar va h.k.) yaratildi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti  talabalari foydalanishlari uchun joylashtirildi.

 

Hurmatli talabalar, siz tomondan kelib tushgan ko‘plab savollarga Universitet ma’muriyati o‘rnatilgan tartibda javob berib oydinlik kiritishga harakat qildi.

1-savol: O‘zbekiston hududida karantin to‘xtatilsa, lekin Italiyada xali xanuz davom etsa, imtixonlarni TTPU xodimlari olishadimi yoki Italiyada karantin muddati tugashini kutamizmi?

Javob: TPU-Italiya va TTPU o‘rtasidagi asosiy xamkorlik shartnomaga asosan ta’lim sifati va uning nazorati TPU-Italiya zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, barcha nazorat ishlari va imtihon jarayonlari Italian xamkorlarimiz nazorati ostida o‘tadi. Savolda keltirilgan sharoitda muqobil (alternativ) imtihon olish shaklari (onlayn yakkama-yakka suhbat, guruh imtihonlari va h.k.) orqali o‘tkazish chora-tadbirlari TPU-Italiya mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan to‘g‘ri   onlayn muloqot borasida muhokama qilinadi.

 2-savol: Imtihonlarga kirish uchun IELTS 5+ Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi kerak. Ba’zi talabalar IELTS sertifikatini olish uchun bahorda imtihon topshirib, yozgi imtihonlaga kirishni mo‘ljallashgan edi. Afsuski hozir karantin bo‘lgani uchun IELTS sertifikatiga ega bo‘la olishmaydi. Savolim shundan iboratki, IELTS sertifikatisiz yozda bo‘lib o‘tadigan imtixonlarga kirish imkoniyati bormi?

Javob: Birinchi bosqich talabalari imtihonlarga kirishlari uchun IELTS 5+ sertifikatini taqdim qilishlari shart emas.

Ammo, 2, 3, 4 – bosqich talabalari TPU-Italiya tomonidan joriy etilgan “O‘quv qoidalari”da (Academic Regulations) belgilab qo‘yilganidek imtixonlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun IELTS 5+ sertifikatini taqdim qilishlari   lozim. Respublikamizda e’lon qilingan karantin sharoitini hisobga olib Universitet ma’muriyati TPU-Italiya mutasaddilari bilan xamkorlikda ushbu holatni ijobiy hal qilishga, ya’ni imtixonlarga ta’sir qilmagan holda IELTS sertifikatining topshirish muddatini bir necha oyga cho‘zdirishga harakat qiladi.

Agarda, ushbu masala yechimi ijobiy hal etilmasa, IELTS 5+ sertifikatini taqdim qilish uchun 2-3-4 bosqich talabalarga yetarlicha vaqt berilganligini eslatib o‘tamiz.

3-savol: Hozirgi kunda texnik sabablarga (viloyat hudularida internet bilan bog‘liq muammolar) ko‘ra biz uchun professorlar tomonidan tayyorlangan video darslarni ba’zi talabalar uchun ko‘rish imkoniyati bo‘lmayabti. Savolim shundan iboratki, karantin vaqti tugagach bizga bu darslar yozda qayta qo‘yiladimi?

Javob: Albatda, ushbu fanlar karantin davrida masofaviy ta’lim shaklida Turin politexnika universiteti (Italiya) masofaviy ta’lim dasturiy platformasi orqali talabalarga taqdim etilayotganligi sababli yoz oylarida qayta qo‘yilmaydi. Ayrim hudularda internet bilan bog‘liq muammolar sabab ba’zi talabalar uchun ko‘rish imkoniyati bo‘lmaganligi hisobga olinib, TPU-Italiya “Didattica”  portalidan video darslarni talabalar yuklab olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib beriladi. Bundan tashqari, TTPU rahbariyati tomonidan ushbu video darslar mualiflik huquqini saqlagan holda TTPU axborot resurs markazida saqlash choralari ko‘rilmoqda. Keyinchalik ushbu o‘quv materiallaridan faqat TTPU talabalari to‘laqonli foydalinish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

4-savol: Bu yili ham TTPUdan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishni ko‘chirish imkoniyati bo‘ladimi? Agar bo‘lsa, unda qanday talablar mavjud?

Javob: Talabalarning o‘qishini ko‘chirish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyun 393-sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi. Shu bilan bir qatorda mazkuz qaror asosida “Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishlarini ko‘chirish va qayta tiklash tartibini belgilash to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. O‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasiga ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar ushbu Nizom asosida, unda belgilangan  talablarga rioya qilgan holda o‘qishlarini ko‘chirishlari mumkin. Xududiy o‘qishni ko‘chirish komissiyasiga talaba ariza bilan murojaat qiladi va o‘zining akademik o‘zlashtirish ma’lumotnomasini taqdim etadi. Ushbu ma’lumotnomani olish uchun talaba universitet oldidagi shartnoma talablarini to‘liq bajargan (kontrakt pulini to‘lagan) va asosiy fanlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim.

O‘tgan o‘quv yili yakunida akademik qarzdorligi mavjud bo‘lgan talabalarga yordam tariqasida joriy etilgan qo‘shimcha kurslar bu o‘quv yilida tashkil etilmaydi.

5-savol: 2, 3, 4-bosqich talabalari uchun qo‘shimcha (bir fandan ma’ruza va amaliyot darslari tugatilgandan so‘ng topshiriladigan) imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni boshlandi. Bu imtihonlar onlayn tarzda bo‘lib o‘tadimi? Shu masala bo‘yicha ma’lumot bersangiz.

Javob: Barcha fanlardan bo‘yicha ilk imtihonlar may oyining 5, 6, 7-sanalariga mo‘ljallangan. Agarda, Respublikamizda e’lon qilingan karantin vaqti ushbu sanalargacha to‘xtatilsa, imtihonlar odatiy tartibda o‘tkaziladi. Karantin davri cho‘ziladigan taqdirda, imtihonlar onlayn tartibida olinishi mumkin. Bu masalaga universitet rahbariyati tomonidan o‘rnatilgan tartibda oydinlik kiritiladi va natijasi bo‘yicha talabalar e’tiboriga havola qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, imtihonda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun 1 va 2-semestr o‘qish shartnoma to‘lovlari amalga oshirilgan bo‘lishi lozim.

6-savol: Bu o‘quv yilida universitimizga talabalar qabuli qanday bo‘ladi? Qachondan ro‘yxatdan o‘tish imkoni bo‘ladi? Hujjat qabul qilish tartibi va imtihonlar qay tarzda amalga oshiriladi?

Javob: Barchangizga ma’lum Qabul komissiyasi jarayoni har yili iyun va iyul oylariga to‘g‘ri keladi. Universitet Qabul komissiyasi ishini boshlanguniga qadar karantin to‘xtatiladi va qabul jarayoni odatiy holatda o‘rnatilgan tartibda bo‘lib o‘tadi deb umid qilamiz. Ommaviy axborot vositalarini va veb-saytimizni kuzatib boring. Biz, albatta, Qabul jarayoni xaqida batafsil ma’lumotlarni  berib boramiz va e’lon qilamiz.

7-savol: Yozgi va qishki imtihonlarda bizga faqat 7ta fanga ro‘yxatdan o‘tish imkoni berilganligi tufayli, ayrim talabalarda shu yili bitirish uchun 8-11 ta fani qolgan. Savolim shundan iboratki, shu kabi talabalarga o‘z vaqtida universitetimizni yakunlash uchun qanday imtiyozlar beriladi?

Javob: Ushbu holat yuzasidan, quyidagi imtiyozlar xaqida ma’lumot berib o‘tamiz. Agarda siz 7ta fan bo‘yicha imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ushbu fanlarning barchasini muvaffaqiyatli o‘zlashtirsangiz, imtihon o‘tkazish komissiyasi, sizning o‘zlashtirish darajangizni hisobga olib, topshirishingiz kerak bo‘lgan fanlar soniga qarab, qo‘shimcha imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini yaratib beradi.

8-savol: Yurtimizda karantin e’lon qilingani va biz professorlar tomonidan o‘tkaziladigan darslarda qatnasha olmayotganimiz sababli, talabalarga kontrakt to‘lovidan chegirmalar beriladimi?

Javob: Respublikamizda COVID-19 bo‘yicha karantin e’lon qilinganligiga qaramasdan barcha mahalliy va Italiyalik professor-o‘qituvchilar talabalar o‘quv dasturidan ortda qolib ketmasliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 martdagi №233-sonli buyrug‘iga muvofiq video mashg‘ulotlar, o‘quv-uslubiy majmualar, o‘quv adabiyotlarining elektron shakllari, amaliy mashg‘ulotlar uchun topshiriqlar to‘plamini tayyorlab borishmoqda va shu sababli ular olayotgan oylik maoshlarining miqdori o‘zgarishsiz qolmoqda. Bundan tashqari, universitet ta’minoti bo‘yicha ham pullik shartnomalar tuzilgan. Tozalash va obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Qo‘riqlash xizmati ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Qo‘shimcha sanitar-epidemilogik ishlari o‘tkazib kelinmoqda. Shulardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, ushbu vaziyatda universitetimiz xech qanday moliyaviy imtiyozga ega bo‘lmadi.

Shulardan kelib chiqib, talabalarga o‘qish uchun shartnoma to‘lovidan chegirmalar berilishi ko‘zda tutilmaganligini ma’lum qilamiz.

Qushimcha ma’lumot sifatida shuni ma’lum qilamizki, Universitet tomonidan turli hil yo‘nalishlar bo‘yicha, ya’ni talabalarning o‘qishdagi faolligi, ilmiy loyihalar doirasida ishlash, qo‘shimcha ilmiy ishlar olib borish bo‘yicha hamda turli hil tadbirlarda faol qatnashib qo‘lga kiritgan yuqori ko‘rsatgichlar chegirmalar joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan.

9-savol: Hozirgi kunda bizga professorlar darsliklarni savol-javob tarzida emas, video tarzida taqdim etayotganligi sababli darslarning sifati avvalgidan pastroq. Albatta bu holatni tushunamiz va bizga video darslarni yuborayotgan professorlarga o‘z mintdorchiligimizni bildiramiz. Biroq, bilim olish sifati pastroq bo‘lgani sababli bizlarga imtihonda imtiyozlar beriladimi, ya’ni savollarning darajasi odatdagidan yengilroq bo‘ladimi?

Javob: Savoldan kelib chiqib shuni ma’lum qilamizki, imtihonlarni tashkil qilish jarayonida xech qanday imtiyozlar berilmaydi. Sababi, imtixon savollarini tuzish va ularning sifati buyicha Italiya mutasaddilari mas’uldirlar.

Lekin, video darslarning sifatini oshirish bo‘yicha bir necha imkoniyatlar mavjud.

Birinchi navbatda, TPU-Italiya www.polito.it portalida, italian professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan ingliz tilidagi video darslar mavjud. Ushbu video darslar hamma fanlardan bo‘lmasada, TTPUda o‘tiladigan darslarning 80% qamrab olgan. Ushbu portal hozirgi kunda asosiy fanlar bo‘yicha video darslar bilan boyitib borilmoqda. Universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan italian professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlanayotgan video darslardan tashqari, portalga boshqa professorlar tomonidan tayyorlangan video darslardan ham foydalanish imkoniyati mavjud. Demak, bitta fan kesimida bir nechta boshqa tajribali professorlar tomonidan tayyorlangan video darslardan foydalanish hamda maqulini tanlash imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy professor-o‘qituvchilarimizga siz tomondan bildirilgan e’tirozlar yetkazildi va kafedra mudirlari bilan kelishgan holda, video darslar sifatini oshirishga harakat qilinadi. Ushbu video kurslardan tashqari, darslar so‘ngida savol-javob tarzida Zoom video conference meeting o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘yicha ham professor-o‘qituvchilar bilan kelishib olindi. Ayrim professor-o‘qituvchilar ushbu amaliyotni qo‘llashni boshlab yuborishdi.

10-savol: Biz umid qilamizki yaqin kunlarda virusdan butunlay qutilamiz, ammo karantin muddati cho‘zdirilsa, yozgi imtihonlar qay tarzda amalga oshiriladi?

Javob: Agarda Respublikamizda e’lon qilingan COVID-19 bo‘yicha karantin vaqti cho‘ziladigan, imtixonlar onlayn tartibida olinishi mumkin. Bu masalaga universitet rahbariyati o‘rnatilgan tartibda TPU-Italiya mutasaddilari bilan kelishilgan holda oydinlik kiritadi va natijasi bo‘yicha talabalar e’tiboriga havola qilinadi.

 

Aziz talabalar!

Umid qilamizki barcha sizni qiziqtirgan savollarga javob bera oldik. Savollaringiz uchun katta rahmat!

Internetda, xususan, o‘zingiz tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasining, ya’ni Toshkent shahridagi Turin politexnika Universiteti ta’lim platformasida hamda Turin politexnika universiteti (Italiya) masofaviy ta’lim dasturiy platformasida berilayotgan onlayn darslarga qunt bilan qatnashing!

Karantin bilan bog‘liq tartiblarga, shaxsiy gigiena qoidalariga, jismonan sog‘lom bo‘lishga alohida e’tibor qaratib, tozalikka, pokizalikka rioya qiling!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev murojaatida ham alohida ta’kidlangan: “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”.

Barchangizga sog‘lik-salomatlik tilagan holda, uyda qolib samarali ta’lim olishingizni va bo‘sh vaqtingizni unumli o‘tkazishingizni tilab qolamiz!

Hurmat bilan, universitet ma’muriyati.