1

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti va Pittsburg Davlat Universitetining “2 + 2” dasturi bo’yicha konferensiya

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti talabalari uchun Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti (TTPU) va Pitsburg Davlat Universiteti (PSU), Kanzas, AQSh, o’rtasida imzolangan “2 + 2” dasturiga bag’ishlangan konferensiya bo’lib o’tdi.

Yangi dastur TTPU talabalariga 2 akademik yil o’qish davomida to’plagan kredit soatlarini PSU ga o’tkazib, o’qishni u yerda davom ettirishga imkon beradi. Bundan tashqari, Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti AQSh ning STEM dasturining bir qismi bo’lganligi sababli, o’qish yakunlanganidan so’ng uch yil davomida talabalar Amerika Qo’shma Shtatlarida qonuniy ravishda qolib, ixtiyoriy o’qish va ishlash imkoniyatga ega bo’ladilar. Shuningdek, ular ushbu muddatdan sayohat, tadqiqot ishlarini amalga oshirish yoki magistrlik dasturlarida o’qishni davom etirish uchun ham foydalanishlari mumkin.

Konferensiya davomida talabalarga Pitsburg Davlat Universiteti haqida ba’zi muhim bo’lgan ma’lumotlar va barcha ularni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.

Xalqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Hasan Xankeldiyevning ta’kidlashicha, PSU dasturi TTPU talabalari uchun bilimlarini kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolda O’zbekistonda muhandislik rivojiga hissa qo’shish uchun noyob imkoniyat bo’lib xizmat qiladi.

Loyiha Pitsburg Davlat Universiteti va Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti o’rtasida 2018-yilda imzolangan o’zaro anglashuv memorandumi asosida ishlab chiqilgan.




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti bitiruvchisi PhD unvoniga ega bo’ldi.

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti tadqiqotchisi Jalolliddin Yusupov Italiyaning yetakchi muhandis olimlaridan tashkil topgan ixtisoslashgan kengashda o‘z dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va Kompyuter muhandisligi bo‘yicha PhD ilmiy darajasiga loyiq deb topildi.

Tadqiqotchining dissertasiyasi nusxalari Milan va Florensiya shaharlaridagi ilmiy kutubxonalariga joylashtirildi.

Jalolliddin Yusupov 2013-yili Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti tomonidan Italiyaning Politecnico di Torino universitetiga yuborilgan edi. Uning ilmiy izlanishlari italiyalik olimlarda qiziqish uyg‘otganligi sababli, uning PhD dissertatsiyasi uchun Italiya davlat granti ajratilgan edi.

Imzolangan kelishuv asosida dissertatsiyaga Politecnico di Torino (Italiya) universitetidan professor Rikkardo Sisto, Eurecom (Fransiya) institutidan Adlen Ksentini ilmiy rahbar sifatida tayinlanishgan.

Hozirda, Jalolliddin Yusupov Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida dotsent lavozimida dars beradi va shu bilan birga, o’quv bo’limi boshlig’i vazifasini bajaradi.

Jalolliddinning ilmiy tadqiqot yo‘nalishi dasturiy muhandislik bo’lib, u “Avtomatlashtirilgan tarmoq orkestrida xavfsizlik siyosatining rasmiy kafolati (NFV / SDN)” dolzarb mavzusida salmoqli ilmiy yangiliklar qildi va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va ro‘yxat bo‘yicha xalqaro “Scopus” ma’lumotlar bazasida indekslangan ilmiy jurnal va konferensiyalarda 10 dan ortiq maqolalari chop etildi. 3 yil davomida Jalolliddin, Turin IEEE COMPSAC 2017 va Paris IEEE CSCN 2018 nufuzli xalqaro konferensiyalarning tashkiliy va dasturiy qo‘mitalarida ishtirok etdi.

1 yil mobaynida, to hozirgi kungacha Jalolliddin Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan (3 mln euro) “Horizon 2020”ga aloqador ASTRID (GA No 786922) loyihasida faol ishtirok etib kelmoqda.

Yosh tadqiqotchining hozirda davom ettirayotgan izlanishlari, asosan, rasmiy verifikatsiya (formal verification), rasmiy modellashtirish, kompyuter tarmoqlari, tarmoq protokollari, IoT, taqsimlangan dasturlash, virtual tarmoqni shakllantirish, NFV, SDN, tarmoqni avtomatlashtirish, tarmoqning dasturlashtirilishi va tarmoq xavfsizligini o’z ichiga oladi.




🌸Navro’z – bahor va yangilanish bayrami!🌸

Ushbu go’zal va mehribon bayramda Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti Sizni ushbu ajoyib kun bilan samimiy muborakbod etadi va Sizga va yaqinlaringizga sog’lik-salomatlik va baxt, muvaffaqiyat va farovonlik tilaydi. Xonadoningizda har doim kulgu va quvnoq qo’shiqlar yangrasin!

Bahorgi tengkunlik muborak bo’lsin, aziz do’stlar!
Navro’z muborak bo’lsin!




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti va Jizzax politexnika instituti qo’shma fakultet ochish va keng hamkorlik aloqalarini o’rnatish bo’yicha kelishuv shartnomasi imzoladi.

2020 yil 25 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan mamlakatimiz yoshlari bilan o’tkazilgan O’zbekiston yoshlar forumining 100-sonli bayoni 42-bandiga va 2021-yilgi Davlat dasturiga muvofiq, Jizzax viloyatidagi avtomobilsozlik korxonalarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida 2021-2022 o’quv yilidan boshlab Jizzax politexnika institut (JizPI) ga Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (TTPU) bilan birgalikda qo’shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlashni yo’lga qo’yish vazifasi belgilandi. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun TTPU va JizPI o’rtasida qo’shma dastur bo’yicha shartnoma imzolandi.

Shartnomaga muvofiq, 2021-2022 o’quv yilidan boshlab talabalar dastlabki 2 yil ichida JizPIda, keyingi 2 yil davomida TTPU da ta’lim olishadi va o’qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Turin Politexnika Universiteti (Italiya) ning va Jizzax politexnika institutining diplomlari beriladi.

Talabalarni o’qishga qabul qilish, ularga dars berish va baholash jarayoni Evropa standartlari va Turin politexnika universiteti (Italiya) talablari asosida amalga oshiriladi.

Shartnomani imzolash marosimida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rahbariyati, Jizzax politexnika instituti rahbariyati, professor-o’qituvchilari va talabalari hamda Jizzax viloyatida barpo etilayotgan avtomobilsozlik sanoatining vakillari ishtirok etishdi.

Tomonlar yig’ilganlarni kelishuvning asosiy bandlari bilan tanishtirdilar, universitetlar va ta’lim standartlari to’g’risida batafsil ma’lumot berdilar, shuningdek ularning savollariga javob berdilar.




TTPU ning yangi o’quv binosi haqida

Kecha TTPU da qurilishi 6 oy davom etgan yangi o’quv binosining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Yangi binoning ochilishidan maqsad talabalar va abituriyentlar sonining ko’payib borayotgani sababli ma’ruzalar zali va o’quv xonalarini ko’paytirish hamda yangi laboratoriyalarni yaratish edi.

Ushbu bino ulkan LED-ekran, interaktiv panel va eng so’nggi innovatsion uskunalar bilan jihozlangan, umumiy 500 o’ringa mo’ljallangan 3 ta auditoriyadan iborat. Shuningdek, binoda 2 ta laboratoriya – IT laboratoriyasi va materialshunoslik laboratoriyasi, hamda Akfa Class trening va seminarlar xonasi mavjud.

Ushbu bino universitetning budjetdan tashqari mablag’lari hisobiga qurilgan.

Ushbu binoning tashkil etilishi o’quv jarayonini osonlashtiradi va talabalarga o’z sohalarida munosib mutaxassis bo’lib yetishishlari uchun katta imkoniyatlar yaratadi deb umid qilamiz.




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida yangi o’quv binosi ochildi

2021-yil 16-mart kuni Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining yangi zamonaviy innovatsion binosining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Ochilish marosimini rasmiy tarzda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Musayev Behzod Anvarovich va Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Toshkulov Abduqodir Hamidovich talabalar va xodimlarni yangi binoning ochilishi munosabati bilan tabriklab, o’z nutq so’zlari bilan boshlab berdilar.

“12 yil davomida mamlakat iqtisodiyotining turli sohalariga, avtosanoatimizning rivojlanishiga yetuk kadrlarni tayyorlashda juda yaxshi xizmat qilayotgan, bundan tashqari, yangi joriy qilinayotgan kredit-modul tizimini na’muna sifatida yo’lga qo’yib borayotgan, Italiyadagi bosh universitet bilan birgalikda doimiy asosda mustahkam hamkorlikni yo’lga qo’ygan Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining yangi binosini ochilishida qatnashayotganimdan mamnunman. Ushbu bino, birinchi o’rinda, talabalar uchun, shuningdek bu yerda ishlayotgan domlalarimiz uchun kunni maroqli o’tkazishlariga, talabalarni ilhomlari, g’ayratlari kelishiga, bilimga nisbatan mehrlarini oshirishga xizmat qilsin”, – dedi o’z nutqida Bosh vazir o’rinbosari.

Ushbu so’zlarga qo’shimcha qilib: “Bugun Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetiga kirganimda xorijda biz ko’rib havas qilgan muhitni ko’rib juda xursand bo’ldim. Ushbu yaratilgan muhit talaba va xodimlar uchun shaxsiy tashvishlarni unutib, dam olishlari, chalg’ishlari va ijod qilishlari uchun ajoyib bir maskan bo’lib xizmat qiladi”, – deb aytdi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri.

Ochilish marosimi davomida barcha mehmonlar binoda tashkil etilgan ma’ruza zallari, o’quv xonasi, Akfa Class trening va seminarlar xonasi, materialshunoslik va kompyuter laboratoriyalari bilan tanishdilar.




CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ochilish marosimi

Odatda, CONFINDUSTRIA nomi bilan mashhur bo’lgan Italiya sanoatining umumiy konfederatsiyasi – Italiya ish beruvchilar federatsiyasi va Milliy savdo palatasidir. Uning asosiy maqsadi – besh millionga yaqin jismoniy shaxslarga va yuz mingdan ziyod a’zo kompaniyalarga Yevropa qit’asida biznes yuritishda yordam berish orqali iqtisodiy o’sishni rivojlantirishdir. CONFINDUSTRIA ning Yevropa mamlakatlarida 15 vakili mavjud va O’zbekiston CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN savdo belgisi bilan 16-o’rinni egallab turibdi.

2021-yil 11-mart kuni Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti o’z kampusida CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ochilish marosimini o’tkazdi.

Italiya Respublikasining O’zbekistondagi elchisi Agostino Pinna va Confindustria Uzbekistan prezidenti Luka Pikasso qizil tasmani kesib, CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ni ochiq deb e’lon qildilar.

Universitetning anjumanlar zalida tadbir mehmonlari o’zlarining fikrlari, taassurotlari va CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ning keyingi muvaffaqiyatli faoliyati uchun bildirgan tilaklari bilan bo’lishish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

“Bugungi kunda Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti – bu O’zbekiston va Italiya o’rtasida yaratilgan eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo’lib kelmoqda. Va bugun uning kampusida yana bir qo’shma tashkilot – CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ning ochilishi munosabatlarimizning sezilarli rivojlanishi uchun katta umid baxsh etadi.” – dedi o’z nutqida Italiyaning O’zbekistondagi elchisi Agostino Pinna.

“CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN mahalliy bozor uchun ish o’rinlari yaratadigan, hamda O’zbekiston va Italiya davlatlari o’rtasidagi savdo ayirboshlashni sezilarli darajada oshiradigan o’zaro manfaatli biznes-loyihalar bo’yicha italyan va mahalliy kompaniyalarning birgalikda ishlashi uchun ulkan platforma bo’lib xizmat qiladi”, – deydi Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti rektori doktor Jamshid Inoyatxodjaev. “Bundan tashqari, o’zbekistonlik tadbirkorlar CONFINDUSTRIA ning Yevropadagi boshqa vakillari orqali sherik topish va o’z mahsulotlarini Yevropa bozorida sotish uchun ajoyib imkoniyatlarga ega bo’ladilar.”

Shuningdek, boshqa muvaffaqiyatli italyan-o’zbek loyihalari vakillari, Manganorobot Group asoschisi va bosh direktori, Daniele Mangano va “Juventus Academy-Tashkent” futbol akademiyasining direktori v.b., Jasur G’ayratov o’z tabriklarini va muvaffaqiyatli hamkorlik yo’lidagi iliq tilaklarini bildirdilar.

CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN prezidenti Luka Pikassoning so’zlariga ko’ra, tashkilot Italiya-O’zbekiston davlatlarining sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va O’zbekiston iqtisodiyotini yangi bosqichga ko’tarishda qudratli kuchga aylanishini va’da qilmoqda.




TTPU da kurash sport turi bo’yicha “Rektor Kubogi” musobaqalari o’tkazildi.

🤼‍♂️Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti talabalari va TTPU xuzuridagi akademik litsey o’quvchilari o’rtasida kurash bo’yicha “Rektor Kubogi” musobaqalari bo’lib o’tdi. Musobaqa doirasida turli vazn toifasidagi 14 nafar ishtirokchilar bellashdilar. G’olib bo’lgan talaba-o’quvchilar universitet rektori tomonidan tantanali ravishda medal va sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

🏆Endilikda, 2 nafar universitet talabalari – Shamsiddinov Xursav and Xalilov Sardorbek – bugun 10-mart kuni Toshkent Davlat Yuridik Universitetida bo’lib o’tadigan OTM lararo kurash musobaqasida universitet nomidan qatnashadilar.

Keling ularni qo’llab-quvvatlaylik!✊✊✊




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida O’zbekistondagi Italiya sanoatining umumiy konfederatsiyasi (Confindustria Uzbekistan) ochiladi!

🤝 Confindustria Uzbekistan O’zbekiston va Italiya tadbirkorlari o’rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish maydonchasiga aylanadi.

📆 Ertaga, 2021-yil 11-mart kuni, soat 12.00 da universitetning Anjumanlar Zalida Italiya tashkilotlari bilan ishlashga qiziquvchi talabalar bilan uchrashuv bo’lib o’tadi.
Barchani ushbu uchrashuvga taklif etamiz!

👨‍🏫 Tadbir mehmonlari:

  • Italiya Respublikasining O’zbekistondagi elchisi, Agostino Pinna
  • Italiya sanoat konfederatsiyasi prezidenti, Luka Pikasso
  • Manganorobot Group asoschisi – bosh direktori, Daniele Mangano
  • MChJ “Manganorobot Central Asia” bosh direktori, Behzod Ayupov
  • O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari
  • “O’zavtosanoat” AK vakillari



8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan!

Aziz Ayollar!

👏Sizlarni kirib kelgan ajoyib bahor bayrami – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!

💐 Ushbu ajoyib kunda Sizga sog’lik, yoshlik, go’zallik, cheksiz muhabbat, quvonch va baxt tilaymiz!

Siz biz uchun doimo qadrlisiz! 🌸




Rektorning navbatdagi uchrashuvi 2-kurs (the First Level) talabalari bilan bo’lib o’tdi

Kuni kecha TTPU da rektorning 2-kurs talabalari bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi. Konferensiya zaliga kirishda talabalarga rektor nomidan sovg’alar topshirildi. Uchrashuv davomida ma’muriyat va talabalar o’rtasida suhbat bo’lib o’tdi. O’qish jarayoniga bog’liq va bog’liq bo’lmagan masalalar bo’yicha ko’plab savollar muhokama qilindi.

Umid qilamizki, ushbu uchrashuv talabalar uchun ajoyib motivatsiya va universitetni yanada rivojlantirish uchun yana bir qadam bo’ldi.




TTPU kirish yo’lagida joylashgan avtomobil maketi haqida

Aziz do’stlar!
🚗Ko’plab obunachilarimizning talablariga binoan e’tiboringizga ushbu videoda universitetning asosiy kirish yo’lagida joylashgan Chevrolet Series C Classic Six maketi haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz!




TTPU maktablar o’rtasida sport musobaqasi o’tkazdi.

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetiga biriktirilgan 14, 78, 129, 203, 312 va 196-sonli maktablarning 5-sinf o’quvchilari o’rtasida “Biz sog’lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi o’tkazildi.

196-maktabda o’tkazilgan ushbu musobaqada o’quvchilar bir nechta shartlar bo’yicha bellashdilar va 196-maktab a’zolari faxrli birinchi o’ringa sazovor bo’lishdi. Tadbir yakunida g’olib bolgan ishtirokchilarga va barcha qatnashchilarga universitet tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg’alari topshirildi.

Musobaqadan qiziqarli lavhalarni quyidagi video orqali ko’rishingiz mumkin!




TTPU talabalari kibersport finalida so’vrindorlar qatoriga kirishdi!

Kecha, 31-yanvar kuni Yoshlar ijod saroyida, University of Cyber Cup final o’yinida Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti talabalari Dota-2 o’yinida 2-o’rinni egallashdi va 10 million so’m pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.

G’olib talabalarimizni chin dildan tabriklaymiz!




O’zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Yo’l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi vakillari Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida mehmonlar Universitetning butun tarixi va hozirgi yutuqlari bilan tanishdilar. Mehmonlar o’quv binosi, laboratoriyalar, sport markazi, mexatronika markazi, texnopark, butun campus va universitet talabalari va o’qituvchilari uchun yaratilgan binolarni tomosha qildilar. Bundan tashqari, mehmonlar avtosalondan obkeltirilgan yangi elektroavtomobillarini boshqarish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Campus bo’ylab sayohatdan so’ng Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti a’zolari Universitet faoliyati ma’ruza qildilar va zamonaviy elektromobillarning tuzilishi va asosiy elementlari, ularning ishlash prinsiplari to’grisida mashg’ulot o’tildi .

Tashrif mehmonlarda Universitetga nisbatan katta qiziqish uyg’otdi.




TTPU da uning qoshidagi Akademik Litsey o‘quvchilari uchun «Rektor soati» o‘tkazildi.

Yig‘ilishda 250 ga yaqin bitiruvchi bosqich o‘quvchilari qatnashdi. Suhbat davomida, Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti dotsenti M. Z. Turg‘unov Materialshunoslik bo‘yicha master klass o‘tdilar. So‘ng, universitet Rektori Inoyatxodjaev J. Sh., Moliyaviy-iqtisodiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha 1-prorektor Karimov A. A. va universitet Marketing bo‘lim boshlig‘i Djo‘raev O. M. universitetda amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar, mavjud fakultetlar, o‘qishga qabul qilish tartibi, universitetda yaratilayotgan ixtirolar, yaratilgan imkoniyatlar, universitet erishgan yutuqlari to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni berib o‘tishdi va o‘quvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berishdi.

O‘ylaymiz-ki, ushbu uchrashuv litsey o‘quvchilari uchun universitet faoliyati bilan tanishishga va litsey faoliyatini yanada kuchaytirish masalalarini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.




TTPU da kibersport bo’yicha mashg’ulotlar o’tkazilmoqda.

Universitetda TTPU kibersport jamoasi shakllantirildi, u universitetlararo ligada ishtirok etadi. Tanlov 23 va 24-yanvar kunlari onlayn va final uchrashuvi 30 va 31-yanvar kunlari oflayn tarzda o’tkaziladi.

O’yin mashg’ulotlari uchun universitetda 5 ta kompyuter bilan jihozlangan maxsus xona ajratildi.

Sovrin jamg’armasi 100 000 000 so’mni tashkil etadi.

Jamoamizga omad tilab qolamiz!




196-maktab o’quvchilari uchun Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetiga sayohat uyushtirildi.

Shu kunlarda 196-maktab o’quvchilari universitetimizga tashrif buyurishdi. Maktab o’qituvchilari boshchiligidagi bu o’quvchilar universitetimiz binosini, undagi shart-sharoitlarni va albatta dars jarayonlarini qay tarzda olib borilishini yaqqol guvohi bo’lishdi. Bu ularda universitetimizga bo’lgan qiziqish va ishtiyoqni yanada oshirdi degan umiddamiz. Ushbu sayohat mobaynida o’quvchilar o’z oldilariga kelajakda Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti talabasi bo’lish kabi maqsad qo’yishgan bo’lsa ajab emas.
Ularga oldilariga qo’ygan maqsadlariga erishishda va talaba bo’lishdek sharafga ega bo’lishligida omad va zafarlar tilaymiz.

Ushbu sayohatni o’tkazishda bizga faol ko’maklashgan universitet volontyorlariga katta rahmat!




TTPU maktablar bilan kelishuv memorandumi imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoev raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda belgilab o‘tilgan vazifalar ijrosiga hamda Oliy ta’lim muassasalariga o‘rta ta’lim maktablarini biriktirish va ularning ishlash jarayonlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha 2020 yil 22 noyabr kuni Bosh Vazir o‘rinbosari B. A. Musaev rahbarligida bo‘lib o‘tgan Ishchi guruh majlisi 3-son Bayoniga muvofiq Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti unga biriktirilgan Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 312, 78, 14, 203, 129-sonli o‘rta maktablari bilan kelishuv memorandumi imzoladi, hamda Olmazor tumanidagi 196-sonli o‘rta ta’lim maktabi bilan o‘zaro hamkorlik konsepsiyasi ishlab chiqildi.

✅Endilikda TTPU tajribasi asosida ushbu maktablar faoliyati quyidagi amaliy ishlar yordamida takomillashtiriladi:

  • Universitet professor-o‘qituvchilarining salohiyati va tajribalaridan foydalangan xolda maktab fan o‘qituvchilariga ilg‘or o‘qitish uslublarini o‘rgatish;
  • Ularning “Ingliz tili” ko‘nikmalarini va malakalarini oshirish uchun “Master-klass” formatida leksiyalar, seminarlar tashkil etish;
  • Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish;
  • Birgalikda turli hil tanlovlar va fan olimpiadalarini o‘tkazish;
  • Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.




Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etamiz!

Bizning aziz kuchli, jasur va ishonchli himoyachilarimiz!

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Sizni O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etadi!🥳🥳🥳

Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo’lidagi xizmatingiz uchun, hamisha bizni qo’llab-quvvatlaganingiz uchun chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Sizga va yaqinlaringizga sog’liq, baxt va farovonlik tilaymiz.
Bayramingiz muborak bo’lsin! 🎉🎉🎉