1

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektorining 2-7 apreldagi Italiyaga xizmat safari natijalari

2022 yil 2-7 aprel kunlari “Oʼzavtosanoat” АJ delegatsiya aʼzolari Italiyaning Turin Politexnika universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizda avtomobilsozlik sohasida taʼlim klasterini yaratish va bu orqali taʼlim sifatini koʼtarish boʼyicha bir qator masalalarni muhokama qilish maqsadida Italiyaning Turin shahriga xizmat safarini amalga oshirdi.

Delegatsiya aʼzolarini Turin Politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi administratsiya xodimlari kutib oldi, rasmiy tashrif doirasida universitet hududida joylashgan oʼquv va ilmiy laboratoriyalar bilan tanishuv, avtomobilsozlik sohasidagi tadqiqot markazlari va korxonalariga tashrif amalga oshirildi.

Rasmiy uchrashuvda delegatsiya aʼzolari Oʼzbekiston xududlarida Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda mashinasozlik sohasida oʼrta boʼgʼin mutaxassislarni tayyorlash uchun oʼquv muassasalarni tashkil etish boʼyicha muzokaralar oʼtkazdi.
Muzokaralar natijasida, Italiyaning Turin Politexnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022-2023 oʼquv yilidan boshlab “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” (Industrial manufacturing technologies) professional oliy taʼlim yoʼnalishini ochishi kelishildi va birinchi bosqichga 150 ta talaba qabul qilinishi belgilandi.

Ushbu taʼlim dasturini 2023-2024 oʼquv yilidan boshlab Аndijon mashinasozlik instituti huzurida tadbiq qilinishi belgilandi. 2026 yilga qadar ushbu professional taʼlim yoʼnalishi boʼyicha talabalar sonini 10 mingga yetkazish va Italiya tomonidan bu uchun kerakli professor oʼqituvchilar, adabiyot va mutaxassislar kadrlarni jalb etishga kelishildi.

Italiyalik hamkorlar tomonidan 5 yillik strategik hamkorlik shartnomasi va chora-tadbirlar loyihasini tayyorlash kelishib olindi. Kelishilgan loyihani amalga oshirishni boshlash maqsadida Italiyaning Turin Politexnika Universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi ishchi-guruh aʼzolari yaqin kunlarda Toshkent shahriga kelishi rejalashtirildi.




Italiyaning Politecnico di Torino bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda.

Avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish vositalarini amalga tatbiq qilish, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, 2022 yil 2-7 aprel kunlari “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Italiyaning Politecnico di Torino universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Jamshid Inoyatxo‘jaev va Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdaliyev shuningdek, Italiyaning Politecnico di Torino rektori Guido Saracco ishtirokida bir qator samarali muzokaralar va uchrashuvlar o’tkazildi.

Rasmiy tashrif doirasida universitet hududida joylashgan o‘quv va ilmiy laboratoriyalar bilan tanishuv, avtomobilsozlik sohasidagi tadqiqot markazlari va korxonalariga tashriflar amalga oshirildi.

Turin shahridagi Italiyaning yirik –“Hexagon Manufacturing Intelligence” kompaniyasi bilan uchrashuv natijasida, bu kompaniyaning O‘zbekistonda doimiy vakolatxonasi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Ishlab chiqarish bo‘yicha “Kompetensiyalar markazi” va “Yangi metrologiya texnologiyalari laboratoriyasi” ochilishi kelishildi.

TTPU

Italiyaning Turin Politexnika Universiteti “Shahar infratuzilmasida avtomobil intellektual tizimlarni o‘rganish laboratoriyasi”ga tashrif davomida deligatsiya yangi ishlanmalar bilan tanishdi. Muzokaralar davomida bu kabi laboratoriya 2023/24 o‘quv yili davomida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida italiyaliklar yordamida yaratilishi kelishib olindi.

Avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalarida mutahassislarni tayyorlash maqsadida, Italiyadan professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb etilgan holda “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” professional oliy ta’lim yo‘nalishini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur ta’lim yo’nalishi 2022-2023 o‘quv yildan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra birinchi bosqichda150 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab esa ushbu yangi ta’lim yo’nalishi Andijon mashinasozlik institutida ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” yo’nalishi bo‘yicha 2026-yilga qadar talabalar sonini 10 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Talabalar amaliy mashg’ulotlarining o’quv rejasi bevosita sanoat va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Natijada bitiruvchilar o’qishni tamomlagandan so’ng, ish joyida ishlatishi mumkin bo’lgan kasbiy ko’nikmalarga ega bo’ladilar.

Barcha yuqorida keltirilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun italiyalik hamkorlar 5 yil muddatli strategik hamkorlik loyihasini ishlab chiqishi ko’zda tutilgan.Loyihani amalga oshirishni boshlash maqsadida Turin politexnika universiteti rektori Guido Saraссo boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari yaqin kunlarda Toshkentga kelishi kutilmoqda.




TTPU ga Pitssburg Davlat Universiteti vakillari tashrif buyurishdi.

AQSHning Pitssburg Davlat Universiteti Biznes Koleji (Kelce College of Business) dekani, professor Biyenvenido Kortes (Bienvenido Cortes) va Peydj Kortes (Paige Cortes) Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Universitetlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari xususan, TTPU va Pitssburg Davlat Universiteti o‘rtasida “2+2+1” dasturi asosida yangi “Menejment” ta’lim yo‘nalishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Kelishuvga ko‘ra, Pitssburg Davlat Universiteti Biznes koleji tomonidan o‘quv reja, fan dasturlari hamda elektron kitoblar bilan ta’minlanishi ko’zda tutilgan.
“Menejment” ta’lim yo‘nalishiga qabul qilingan talabalarda 2 yil TTPU da ta’lim olgandan so‘ng, o‘qishini keyingi 2 yilini Pitssburg Davlat Universitetida davom ettirishi imkoni bo‘lib, AQSH universiteti tomonidan bakalavr diplomi beriladi. Shuningdek, bakalavriatni muvafaqqiyatli tamomlagan talabalar 1 yillik MBA magistratura bosqichiga qabul qilinishi rejalashtirilgan. O‘qishni muvafaqqiyatli tamomlagan talabalarga AQSHda 3 yil davomida amaliyot qilish imkoniyati ham taklif qilinadi.
Hamkorlik doirasida kelgusida, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID HELIX) Oliy ta’limda innovatsiyalar, tajriba almashinuv hamda boshqaruv dasturi doirasida loyiha shakllantirish va grantga topshirish rejalashtirildi.




Universitet professor va muhandislari Turin Politexnika Universitetining (Italiya) xalqaro malaka oshirish kurslarida qatnashmoqda.

Joriy yilning 28-martidan 8-apreliga qadar, Turin Politexnika Universitetida (Italiya) ELBA loyihasi jamoalari, shu jumladan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari o‘tkazilmoqda.
Kurslarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining ELBA loyiha jamoasi nomidan universitet professor-o‘qituvchilari: prof.Qudratillo Fayazov, prof. O‘tkir Safarov, muhandislar Maxkam Qayumov va Azizjon Qobilov, hamda loyiha rahbari Mansur Asranov ishtirok etmoqda.
O‘quv kurslari ELBA loyihasining Yevropa koordinatorlaridan biri, Turin Politexnika Universiteti (Italiya) professori, prof. Roberto Fontana rahbarligida joriy yilning 28 mart kuni boshlandi.

Kurslar 10 kun davomida quyidagi uchta modul bo’yicha o’tkaziladi:

  • ma’lumotlar fanida statistik usullar (3 kun);
  • yirik masshtabli masalalar uchun hisoblash chiziqli algebra (6 kun);
  • Tajribalarni loyihalash (1 kun).

O‘quv kursini tamomlagandan so‘ng barcha ishtirokchilarga kursni tamomlaganlik va o‘quv materiallarini o‘zlashtirganliklari to‘g‘risida sertifikatlar topshiriladi.

TTPU



TTPU rektorining Italiyaga xizmat safari.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori J.Sh.Inoyatxodjayev Turin politexnika universiteti (Italiya) rektori bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun muzokaralar o‘tkazish maqsadida “O‘zAvtosanoat” AJ delegatsiyasi tarkibida joriy yil 2-7-aprel kunlari Italiyaga xizmat safariga ketishi rejalashtirilgan.




Granada universitetida (Ispaniya) malaka oshirish.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti vakillari Granada universiteti (Ispaniya) tomonidan tashkil etilgan “Internationalization Advanced Level” treningida ishtirok etdi.

TTPU

Trening davomida har bir ishtirokchi o‘z universiteti haqida taqdimot qildi, qabul tartiblari, akademik hamkorlik loyihalari orqali oliy ta’limni xalqarolashtirish, reklama va ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish, xalqaro mobillik sifatini oshirish bo‘yicha Erasmus+ loyihalari va boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qildi.

TTPU

Muzokaralar natijasida talabalar almashinuv dasturini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.

TTPU



Hamkorlik memorandumi: TTPU and KNUT

2022-yil 15-mart kuni Koreya Milliy transport universiteti (KNUT) va TTPU o‘rtasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
KNUT prezidenti janob Jun-Xun Pak boshchiligidagi delegatsiya tajriba almashish va zamonaviy metodologiyalar orqali universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida TTPUga tashrif buyurdi. O‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, xususan, biotibbiyot muhandisligi sohasida hamkorlik qilish. , talabalar va xodimlar almashinuvi hamda 2022-yil 10-12-avgust kunlari TTPUda xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.




O‘zbekistonda “Spektral optimallashtirish: matematikadan fizika va ilg‘or texnologiyalargacha/SOMPATY” HORIZON 2020 loyihasi

2019-yilda O‘zbekistonda ilk bor “HORIZON 2020” jamg‘armasining 48 oylik “Spektral optimallashtirish: matematikadan fizika va ilg‘or texnologiyalargacha/SOMPATY” HORIZON 2020 loyihasi amalga oshirish uchun grant olindi. Biroq pandemiya sababli loyiha kechiktirildi va 2021-yil dekabr oyida rasman ishga tushirildi.

Loyihaning maqsadi zamonaviy optoelektronik tarmoqlar, nanoelektronik, nanomexanik qurilmalar asosidagi past o‘lchamli tuzilmalarda chiziqli bo‘lmagan to‘lqinlar, solitonlar va kvant kvazizarralarini tashishning matematik modellarini ishlab chiqish, shuningdek, ushbu modellarni funksional optimallashtirish maqsadida qo‘llashdan iborat.

Ushbu loyihada Yevropa va Markaziy Osiyoning 7 davlatidan 10 dan ortiq ilmiy guruhlar ishtirok etmoqda. Loyiha fizika va amaliy matematika sohasida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq olimlarni birlashtirgan. E’tiborlisi, O‘zbekiston jamoasi ham fizika, ham amaliy matematika bo‘yicha mutaxassislarni o‘z ichiga olgan yagona jamoadir.

Ushbu loyihada, O‘zbekistondan Toshkentdagi Turin Politexnika Universiteti professori D.U Matrasulov boshchiligidagi ilmiy guruh ishtirok etmoqda. Bu ayni paytda O‘zbekiston ishtirokidagi yagona HORIZON loyihasidir.

Seminar ishtirokchilari har hafta ilmiy onlayn seminar o’tkazib, unda har safar jamoalardan birining ishtirokchisi ma’ruza qilmoqda. Shu kungacha O‘zbekiston ilmiy guruh a’zolari tomonidan 4 marotaba taqdimot qilindi.




TTPU TALABALARI DAVLAT GRANTLARI ORQALI XORIJDA BILIM OLMOQDALAR.

TTPU talabalari Universitetimizning almashuv dasturlari bilan bir qatorda, davlat grantlari orqali ham xorijda o’qish imkoniyatiga ega bo’lmoqdalar.
Gayratov Jasur ana shunday imkoniyatni qo’lga kiritgan talabalarimizdan biri hisoblanadi.
Jasur, Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining bakalavr bosqichini “Mashinasozlik texnologiyasi” yo’nalishida 2015-2019-yillarda tahsil olgan. Talabalik vaqtida universitet “Talabalar uyushmasi” faoli bo’lgan. 2019-2021- yillarda universitetda o’z mehnat faoliyatini davom ettirib, Xodimlar bo’limi mutaxassisi hamda, “Juventus” futbol akademiyasi menejeri lavozimlarida ishlagan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” fondining 2021-2022-o’quv yili uchun mo’ljallangan хorijda ta’lim olish uchun grant go’libi bo’lib, hozirda Italiyaning Turin Politexnika Universitetida “Muhandislik va boshqaruv” yo’nalishi bo’yicha Magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
“Xorijiy davlatlarda tahsil olish – bu xorijiy bilimlarni olish bilan birga, boshqa dunyoqarashga ega insonlar bilan bir muhitda yashash va o’zingiz uchun yangiliklarni ochish demakdir. Magistratura bosqichini xorijda davom ettirishga yaratilgan imkoniyatlar uchun davlatimiz va universitet ma’muriyatiga alohida minnatdorchiligimni bildiraman. “El-yurt umidi” jamg’armasining keyingi tanlovlarida ishtirok etish niyatida bo’lgan barcha Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti talabalariga tanlovda ishtirok etish jarayonida qo’ldan kelgancha maslahat va yordam berishga tayyorman” – deydi Jasur. Italiyadi hayot, ta’lim va turli xil grantlar haqidagi ma’lumotlarni talabamizning shaxsiy kanalida kuzatib borishingiz mumkin (https://t.me/jasur_gayratov)
Universitetimiz iqtidorli talabasini erishgan yutuqlari bilan tabriklaymiz va keying ishlarida omad tilab qolamiz!




Ayol borki olam munavvar!

Bugun Turin Politexnika Universitetida bahorning ilk bayrami – 8-mart Xotin-qizlar bayram tadbiri nishonlandi. Universitetimiz ayollari go‘zal guldastalar va bayram sovg‘asi bilan bayramona kayfiyatda kutib olindilar. Tadbir boshida TTPU rektori J.Sh.Inoyatxodjayev universitetning go‘zal va maftunkor ayollariga o‘zlarining bayram tabrigini bildirib, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlarning o‘rni nihoyatda muhim ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yasatilgan sahna bezaklari, turli viktorinalar bayramga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi. Bayramning ikkinchi qismini Universitetning “Yoshlar Ittifoqi” tomonidan tayyorlangan bayram dasturi davom ettirdi.

Shu fursatdan foydalanib, barcha aziz ayollarni bayram bilan tabriklaymiz. Sizlarga ajoyib bahoriy kayfiyat, uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu-baraka tilaymiz!




Xalqaro aloqalarni rivojlantirish davom etmoqda

2022 yil 11 fevral kuni, Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti vakillari Yaponiyaning “Yamanasi Gakuin” ta’lim korporatsiyasi va uning hamkorlari (DiDi Investments, ERC Institute, Kydon Learning System Institute va Alpha Energy Holdings) bilan O‘zbekistonda innovatsion yechimlarga asoslangan Asnaro universitetini tashkil qilish konsepsiyasini muhokama qildi.

Konsepsiyaga asosan, birinchi bosqichda O‘zbekistondagi Oliy ta’lim muassasalari Yaponiya va Singapurning Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ana’naviy ta’lim dasturlarini joriy qilish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda esa o‘quv jararayonga virtual reallik texnologiyasini joriy etish va o‘quv materiallar (kontentlar)ni shakllantirish rejalashtirilgan.

Videokonferensaloqa formatida boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida tomonlar ushbu konsepsiyada belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzoladilar. Muzokara yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlik doirasidagi qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab oldilar.




Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzurida texnika fanlari boʼyicha ilmiy darajani beruvchi ilmiy kengash oʼz faoliyatini boshladi.

OʼzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Аttestatsiya Komissiyasining 2022 yil                         1 fevraldagi 29-sonli qaroriga asosan Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida texnika fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tashkil etildi.

Ilmiy kengashda quyidagi ixtisosliklar boʼyicha dissertatsiyalar himoya qilinadi:

05.08.06 – «Gʼildirakli va gusenitsali mashinalar va ularni ishlatish»;

05.01.08 – «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish»;

05.09.01 – «Qurilish konstruktsiyalari, bino va inshootlar»

Ushbu qarorga koʼra, Turin Politexnika universiteti huzuridagi ilmiy kengashning                    17 kishidan iborat tarkibi tasdiqlandi. Kengash raisi etib texnika fanlari doktori, universitetning rektori Inoyatxodjaev Jamshid Shuxratullaevich tayinlandi.

Mazkur ilmiy kengash tarkibi eng yosh olimlardan tashkil topgan boʼlib, 9 nafari texnika fanlari doktori, 8 nafari PhD. Kengash aʼzolarning koʼpchiligi xorijda ilmiy ishini himoya qilgan, shuningdek, kengash tarkibiga Italiyalik professor ham jalb qilingan.




TTPUda ayollar psixologiyasi mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida “Hayot go‘zal, chunki unda men borman!” mavzusida malakali psixologlar tomonidan kayfiyatni ko‘taruvchi motivatsion trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu trening TTPUning Xotin-qizlar Kengashi tomonidan tashkil etilib, unda Universitetning talaba qizlari va ayol xodimlari ishtirok etishdi.

Seminar-treningda ayollar psixologiyasi, kundalik xayotdagi turli stress holatlarni oldini olish, o‘zini sevish, negativ fikrlardan ozod bo‘lish, kechirimli bo‘lish, ijobiy fikrlar oqimini yaratib, bugungi kun uchun minnatdorlik va shukr xissi bilan yashash kabi mavzularda mazmunli suxbat bo‘lib o‘tdi. Trening davomida ishtirokchilar guruxlarga bo‘linib, qiziqarli so‘rovnomalar, psixologik o‘yinlar uyushtirildi.




XALQARO HAMKORLIK YANADA KENGAYMOQDA

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti vakillari Erasmus Plus CBHEning: Markaziy Osiyoda katta hajmdagi ma’lumotlarning intellektual tahlili-ELBA loyihasi doirasida Primorska universiteti (Koper, Sloveniya) Matematika, tabiiy fanlar va axborot texnologiyalari fakultetida xalqaro malaka oshirish kurslarini oʻtayotganliklarini mamnuniyat bilan xabar beramiz.

      Loyiha modulli kurslarning ko’p tarmoqli paketini taklif qiladi, intizom “Intelligent Big Data Analysis” (IBDA) bo’yicha bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha yuqori malakali mutaxassis sifatida ishlaydi.

Loyiha doirasida Markaziy Osiyo universitetlarining IBDA texnologiyalari va tegishli dasturiy ta’minotini o‘qitish va qo‘llash sohasidagi akademik salohiyati yevropalik mutaxassislar tomonidan mustahkamlanmoqda.




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida innovatsion onlayn ta’lim platformasi ishga tushirildi

Yurtimizda onlayn ta’lim sifatini yaxshilash hamda professor-o’qituvchi va talabalar o’rtasida o’zaro onlayn muloqot muhitini shakllantirish maqsadida innovatsion onlayn ta’lim platforma foydalanuvchilarga qulay (user-friendly) shaklda yaratildi. Tizimda ortiqcha funksiyalar kiritilmagan bo’lib asosan universitet ma’muriyati o’quv jarayonini avtomatik boshqarishi uchun dars jadvali, talabalarni o’zlashtirish ko’rsatkichlari, davomat hisoboti, diplom ilovalari tizimda avtomatik tarzda shakllantiriladi. Shuningdek, tizimda imtihonlarni shaffof tarzda o’tkazilishi uchun juda muhim funksiyalar integratsiya qilingan bo’lib, talabalarni video kuzatuv va mikrofon orqali barcha harakatlari avtomatik tarzda nazorat qilinadi, agar talaba tomonidan ko’chirmachilik yoki aldashga urinish bo’lsa, o’sha vaqtdagi video yozuvlar tizimda aks ettiriladi.

Ushbu platforma yordamida talabalar global Internet tarmog’iga ulanish imkoniyati bo’lmasa ham TAS-IX tarmog’ida onlayn tarzda darslarda ishtirok etishlari mumkin. Onlayn ta’lim platforma xavfsizlik nuqtai nazardan juda yaxshi ishlab chiqilgan bo’lib, faqatgina fanga ro’yhatdan o’tgan talabalarga ishtirok etishga ruhsat beradi, professor-o’qituvchiga talabalarni darslarda faol ishtirokini nazorat qilish imkoniyatini beradi. Platformaga kompyuter, telefon, planshet yordamida web interfeys orqali (qo’shimcha programmalarsiz) bog’lanish imkoniyati mavjud. Platformada o’tilgan darslarni avtomatik ravishda yozib olinadi va dars davomida o’zlashtira olmagan talabalar ixtiyoriy vaqtda qayta ko’rish imkoniyati mavjud bo’ladi.

Asosiysi ushbu platformani joriy etish orqali respublikamizda joriy etilgan onlayn ta’lim tizimi uchun TAS-IX tarmog’ida ma’lumotlar almashinuvi xisobiga global Internet tarmog’i uchun sarflanadigan tezlik va xarajatlar iqtisod qilinadi.




Ph.D. POSTER KUNI 2021

23 dekabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika Universitetida yillik plakat (poster)- taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Universitetning “Mashinasozlik va aerokosmik muhandislik” hamda “Arxitektura-qurilish” kafedralarida tahsil olayotgan doktorantlar universitet professor-o‘qituvchilariga 2021-yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha o‘z hisobot taqdimotlarini taqdim etdilar. Bu doktorantlarning ikkinchi poster taqdimoti sanaladi. Bu yil taqdimotlar yuqori saviyada o‘tgani, doktorantlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqoriligi, hamda o‘z ilmiy ishlariga oid savollarga ancha yaxshi javob bergani ta’kidlandi.




Harbiy sohada foydalaniladigan jihozlarga innovatsion moslama va qo‘shimchalar tayyorlanmoqda!

Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligining maxsus bo‘limi qo‘shinlarida foydalaniladigan kaskaga qo‘shimcha funksiyalarni bajarishga qaratilgаn o‘zgartirishlar kiritilgan maket tayyorlandi. Ushbu maket tunda yorituvchi fonar, tungi ko‘rish vositasi, lazer qurilma va kameralar o‘rnatish imkonini beradi. Barcha qo‘shimcha vositalar 3D printer yordamida tayyorlandi.

Askar holatini o‘rganish maqsadida bronijiletga ko‘p funksiyali metamonitoring moslamasi ulandi. Natijada EKG moduliga ulangan qurilma yordamida askarning yurak urish pulsi va harorati aniqlanadi va GPS qurilmasi yordamida joylashgan lokatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish bazasiga yuborib turiladi.

Shuningdek, AK74 avtomatiga qo‘shimchalar kiritgan holda tyuning qilindi, plastmassani 3D printer yordamida quyilgan qo‘shima qulayliklar yaratuvchi moslamaga ulandi. Ushbu moslama yordamida lazer, fonar va binokl vositalarini o‘rnatish imkoniyati yaratildi. Shuningdek ushlashga qulay bo‘lishi uchun qo‘shimcha ushlash vositasi o‘rnatildi.




O‘zbekistonda Asnaro universitetini tashkil qilish konsepsiyasi taqdimoti bo’lib o’tdi

2021-yil 10 dekabr kuni Yaponiyaning “Yamanasi Gakuin” ta’lim korporatsiyasi va uning hamkorlaridan (DiDi Investments, ERC Institute, Kydon Learning System Institute va Alpha Energy Holdings) tashkil topgan delegatsiya Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Yaponiyaning “Yamanasi Gakuin” ta’lim korporatsiyasi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda Asnaro universitetini tashkil qilish konsepsiyasi taqdimoti bo’ldi. Shuningdek uchrashuv davomida hamkorlik masalasi muhokama qilindi va keying uchrashuvda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun qayta tashrif rejalashtirildi.  




Korrupsiya – rivojlanish uchun to’siq!

 Bosh qomusimiz qabul qilinganiga 29 yil to’lgani munosabati bilan va 9-dekabr Butun jahon Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan , joriy yilning 9-dekabr kuni universitetimiz konferensiyalar zalida “Prokuratura faoliyatidagi shaffoflik” mavzusida davra suhbati o’tkazildi. Tadbirimiz mehmonlari O’zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurorlari Qurbonova Mohira Jaylavovna, Mamarahimova Shahodat Yusupovnalar yoshlarimizga Konstitutsiyamizda shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq hamda majburiyatlari va ularning kafolatlari to’grisida, pandemiya davrida olib borilayotgan ijtimoiy himoyaga asoslangan islohotlar to’g’risida ma’lumotlar berdilar hamda Korrupsiya – har qanday jamiyatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illat ekanligini hayotiy dalillar bilan asoslab berdilar. Tadbirning yana bir mehmoni Ta’lim muassasalaridagi Yoshlar bilan ishlash boshqarma boshlig’i o’rinbosari Eshqulov Mardonbek , Yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so’zlash bilan birgalikda talaba yoshlarni qiziqtirayotgan savollarga atroflicha javob va ko’rsatmalar berdilar. 




Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti tadqiqotchilari tomonidan bino va inshootlarning zilzilabardoshlilik darajasi o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 -yil 30 -iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta‘minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi PQ-4794 sonli qarorining 7-bandiga asosan Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti qoshida “Bino va inshootlarni eksperimental tadqiq qilish ilmiy-texnik laboratoriyasi” tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinining “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan 2021-yil 4-6-dekabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti  professor- o‘qituvchilari, tadqiqotchi va mutaxasislari tomonidan Andijon shahridagi Alisher Navoiy shox ko‘chasida joylashgan 13 qavatli binoning seysmik mustahkamligini baholash maqsadida maxsus uskunalar yordamida kerakli ma‘lumotlar yig‘ildi. Ushbu jarayonda binoning raqamli modelini hosil qilish uchun Germaniyada ishlab chiqarilgan Faro Focus M70 lazer skaneridan foydalanildi. Ushbu qurilma yordamida binoning uch o‘lchamli ma‘lumotlari olindi. Olingan ma‘lumotlar yordamida maxsus kompyuter dasturi (Lira SAPR) orqali binoning raqamli modeli yaratiladi va unga keraklik yuklar va parametrlar biriktirilgan xolda zilzilabardoshlilikni tahlil qilinadi.

Binoning tashqi tebranishlarga munosabatini aniqlash uchun har to‘rt qavatga uchta o‘q bo‘yicha seysmik tebranishlarni o‘lchovchi akselerometerlar o‘rnatib chiqildi. Bu usul bilan binoning xususiy tebranishi va tashqi dinamik tebranishlarga munosabatini o‘rganish maqsadida ma‘lumotlar yig‘ib olindi. Maxsus uskunalar (Metall detektor, Hummer Schimdt, Profometer) yordamida bino asoslarida ishlatilgan armatura qalinligi, beton asoslar qalinligi, beton markasi kabi ma‘lumotlar yig‘ib olindi.

Hozirda yig‘ib olingan ma‘lumotlar Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti qoshida tashkil etilgan “Bino va inshootlarni eksperimental tadqiq qilish ilmiy-texnik laboratoriyasi” professori va tadqiqotchilari tomonidan tahlil qilinib o‘rganilmoqda.