You are currently viewing Jaholatga qarshi ma’rifat!

Jaholatga qarshi ma’rifat!

Aynan shu shior ostida Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida talabalar va Mirzo G’olib masjidi imom xatibi M. Sultonxonov va Toshkent Islom Instituti hadislar va islom tarixi kafedrasi katta o’qituvchisi A. Toshpo’latovlar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Tadbirni TTPU ning yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori A. Ashurov ochib, yoshlarning ma’naviy kamolotini mustahkamlashning muhimligi to’g’risida gapirdi: “Har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, inson tanasida unga qarshi immunitet shakllanadi. Agar biz yoshlarimizni Vatanga, boy tariximizga muhabbat, ajdodlarimiz diniga sadoqat ruhida tarbiyalamoqchi bo’lsak, avvalo yoshlar ongida “ommaviy madaniyat” ga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz kerak, turli yod g’oyalar, bizning milliy ma’naviyatimizga zid bo’lgan salbiy holatlarga qarshi immunitetni yaratishimiz kerak, shuningdek, faqat ezgulik va vatanparvarlikka qaratilgan targ’ibot orqali talabalarning ma’naviy kamolotini yanada rivojlantirishga hissa qo’sha olamiz”.

Keyingi so’z A. Toshpo’latovga berildi: “Jaholat va g’azabni yo’q qiladigan eng kuchli qurol bu ma’naviyat va ma’rifatdir va bunga erishishning eng yaxshi usuli bu kitob o’qishdir”. U o’z nutqida ta’limning islomiy nuqtai nazardan muhimligi va dunyoviy hamda diniy bilimlarga ehtiyoj borligini ta’kidladi.

M. Sultonxonov o’z nutqida ham ijobiy, ham salbiy ma’lumotlarni o’z ichiga olgan ommaviy madaniyat, ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri haqida keng ma’lumot berdi. U oliyjanoblik, tinchlikparvarlik va insonparvarlik kabi qadriyatlarni aks ettiruvchi Islom dinining madaniy mohiyati haqida so’zlab berdi. Ma’ruzachi Islom va jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo’shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o’rganishga chorladi.

Suhbat davomida talabalar o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishga muvaffaq bo’lishdi. Ushbu uchrashuv talabalarimizning ma’naviy yetukligini yanada rivojlantirishda o’z izini qoldirdi degan umiddamiz.

1 599
image_pdfimage_print