You are currently viewing Yangi O‘zbekistonda Oliy ta’limni xalqarolashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohatlar

Yangi O‘zbekistonda Oliy ta’limni xalqarolashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohatlar

Bugungi kunda oliy ta’lim – bu bizning ko‘z o‘ngimizda o‘zgarishlar ro‘y berayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Muhtaram Prezidentimiz davlat mustaqilligimizning 30 yilligi bayramiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirida so‘zlagan nutqlarida ”Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning o‘zi oliy ta’lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e’tibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda” – degan fikrlarni ta’kidlab o‘tdilar.

So‘ngi yillar mobaynida oliy ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalarini isloh qilishga oid yurtimizda bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan ushbu hujjatlarda xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun qator qulayliklar yaratildi. Natijada, yurtimizda xalqaro oliy ta’lim muassasalarini barpo etilishi davlat oliy ta’lim muassasalariga kadrlarni tayyorlashda yangi raqobat muhitini shakllantirdi, bu o‘z navbatida davlat oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi.

Oliy ta’lim muassasalariga xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan kredit-modul tizimini joriy etish, ta’lim dasturlari va talabalar bilimini baholash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, shuningdek, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga o‘tish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga kredit-modul tizimini (European Credit Transfer and Accumulation System-ECTS) joriy etishda Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetining tajribasidan foydalanildi. 

Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida talabalarning davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Xususan, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetiga 2021-2022 o’quv yiliga 50 nafar talaba uchun davlat granti ajratildi.

Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida Italiyalik hamkorlar bilan birgalikda ko’plab magistr va PhD darajasini olgan professor-o’qituvchilar tayyorlandi, natijada mavjud ta’lim dasturlarini 68 foizi maxalliylashtirishga erishildi. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab yangi “Dasturiy Injiniring” va “Arxitektura va Dizayn” ta’lim yo‘nalishlari tashkil etildi.

So‘ngi yillarda universitetimizda xalqarolashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, AQSHning Pitsburg davlat universiteti bilan hamkorlikda avtomobilsozlik ta’lim yo‘nalishida 2+2 ta’lim dasturi joriy etildi, shuningdek Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Vengriya, Polsha, Qozog‘iston va boshqa xorijiy hamkor universitetlar bilan talabalar almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlarimizga sifatli ta’lim berish va zamonaviy ta’lim yo’nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha oliy ta’limda ko’plab islohotlarni amalga oshirish davvom ettirilmoqda.

Jamshid Innoyatxodjaev

Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori

1 187
image_pdfimage_print