Joriy yilning 30-mart kuni, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi hamda 2023 yil 30-aprelida bolib o‘tishi rejalashtirilayotgan referendumning mazmuni va mohiyati yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet birinchi prorektori A.Ashurov ochib berib, talaba-yoshlarni e’tiborini bo‘lib o‘tadigan referendumga qaratib, yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarga jumladan ta’lim sohasi, ilm-fanga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng so‘z navbati Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Feruza Abdurashidovna Muhitdinovaga berilib, tadbir qatnashchilariga referendum tushunchasi, xuquqiy asoslari, Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o’zgartirish va qo’shimchalar to‘g‘risida keng qamrovli tushunchalar berildi. Konstitutsiya loyihasi yuzasidan fuqarolarning fikr va takliflari tashkil etilgan “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolardan 220 mingdan ortiq takliflar qabul qilinib, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi ta’kidlab o‘tdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi X. Sodiqov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy asoslari va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishda muhim omili bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish mamlakat tarixida birinchi marta qo‘llanilayotganligi, referendum xalq irodasining bevosita ifodasi ekanligi, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi qayd etildi.
Tadbirda bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida barcha talaba yoshlarni o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda faol ishtirok etishga chaqirildi.