Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalar turar joyida (TTJ) istiqomat qiluvchi talabalar ishtirokida “Sil kasalligi va OIV infeksiyasi bilan zararlanishdan himoya qilish, psixotrop va giyohvand moddalar isteʼmol qilishning oldini olish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati talabalarga foydali bo‘lishi maqsadida, Talabalar shaharchasi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi hududiy shifokori G.Q.Uteyanova, hududiy hаmshiralari M.Aliyeva, G.Musayeva, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan narkolog O.I.Sotnikovalar taklif qilindi.
Talabalar shaharchasi Markaziy Ko‘p tarmoqli poliklinikasidan tashrif buyurgan shifokorlar tomonidan universitet TTJsida yashayotgan talabalarga sil kasalligi va OIV infeksiyasi bo‘yicha umumiy tushunchalar berilib, bu kasalliklar hozirgi kunda aholi orasida tez-tez uchrayo‘tgani va uning tarqalishi yo‘llari haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, kasallikdan bilan zararlanishdan himoya qilish yo‘llari hamda ushbu kasallik aniqlangan holda tezlik bilan shifokorlarga uchrashish kerakligi haqida talaba-yoshlarga eslatma berildi.
Davra suhbatining ikkinchi qismida, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan tashrif buyurgan mutaxassislar talabalarga psixotrop va giyohvand moddalar isteʼmol qilishning salbiy ta’sirlari haqida aytib o‘tishdi. Shuningdek, giyohvandlikka ruju qo‘ygan insonlar bilan ishlash jarayonida nafaqat bemorning o‘zi balki, ularning oila a’zolari bilan ham ishlashga to‘g‘ri kelishini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, hozirgi kunda omma orasida rivojlanayotgan, ayniqsa yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgan elektron sigaretalar haqida so‘z yuritildi. Ushbu elektron sigaretalarning salbiy ta’sirlari, ularni doimiy chekish orqasida kelib chiqayotgan kasalliklar to‘g‘risida talabalarga to‘liq ma’lumot berishdi.
Tadbir so‘ngida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga to‘laqonli javob olishdi. Shuningdek, davra suhbatida faol qatnashgan talabalarga esdalik sovg’alari taqdim etildi.