17 Avg Universitet talabalari Meksikadagi jahon robototexnika musobaqasida qatnashmoqdalar!

Meksika poytaxti Mexikoda 16—18-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan FIRST Global Challenge musobaqasida dunyoning 180 ga yaqin davlatidan qatnashayotgan yosh robototexnika mutaxassislari orasida O‘zbekiston vakillari ham bor. Mazkur chellenj har yili har xil mamlakatda o‘tkazilib, unda butun dunyodan global muammolariga G‘arbda STEM (Science, Technology, Engineering, Mathematics) deb yuritiluvchi ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik va matematika sohalari orqali yechim izlashga bel bog‘lagan yoshlar qatnashadi.
“O‘tgan yillarda butun mamlakatda ta’lim sohasiga ilm-fan va texnologiyalarni olib kirish mavzusi keng tarqaldi. 2018-yil prezident tomonidan ‘Innovatsiyalar yili’ deb e’lon qilindi va Innovatsiya vazirligi tuzildi. Endi esa bizga bayrog‘imizni xalqaro musobaqalarda hilpiratish navbati keldi va biz oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz”, — deydi jamoa a’zolari.
O‘zbekiston jamoasi mamlakatning turli hududlaridan kelgan besh qatnashchidan iborat.
Navoiylik 16 yoshli Humoyun Haydarov 2018-yili o‘tkazilgan yosh kashfiyotchilar tanlovi respublika bosqichida g‘olib chiqqan va ishlab chiqarish hamda davlat boshqaruvi sohasiga innovatsiyalar olib kirishni istaydi.
“Besh yil avval YouTube’dagi video orqali elektronik kran yasashni o‘rganganimda texnologiyalarga muhabbat qo‘yganman. Keyin men aqlli ventilyatsiya tizimi, Arduino multimetri va mobil sovutgich yasadim”, — deydi u.
17 yoshli Muhammadamin Umarov — poytaxtdan. U 2012-yili Shavkat Vohidov nomidagi xalqaro aerokosmik maktabda ta’lim olgan va Qirg‘izistonning nufuzli “Altin tuyun” musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashgan. Aytishicha, modellashtirishga 5 yoshidan — ilk mashina modelini yasagan vaqtidan beri qiziqadi.
Jamoaning yana bir konstruktori — xorazmlik 18 yoshli Bunyodbek Zaripovdir. Bolaligidan “ o‘zi bilan doim otvyortka olib yurgan” va “buzilgan jihozlarning ishlash mexanizmlarini o‘rgangan va yaroqli qismlarini terib olib, ulardan yangi qurilmalar” yasagan Bunyodbek O‘zbekiston miqyosida turli tanlov va ko‘rgazmalarda ishtirok etgan.
Jamoa menejeri Nodirjon Yusufov bu yil Toshkentdagi Turin politexnika universitetini tamomladi. Xalqaro almashinuv dasturi orqali AQShning West Virginia universitetida tahsil olib qaytgan. “Men ilm-fanni sevaman va, o‘ylashimcha, u global muammolarni hal etishning kalitidir”, deydi Nodirjon. Shuning uchun u O‘zbekiston yoshlarini ilm-fanga katta ishtiyoq bilan tarbiyalanishi tarafdori.
Jamoa a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, ularning ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etishi uchun tashkiliy masalalarda Innovatsiya vazirligi, xususan, Fan, ta’lim va ishlab chiqarishni intergatsiya qilish boshqarmasi boshlig‘i Olimjon To‘ychiyev amaliy yordam bergan.
Universitet rahbariyati, professor-o’qituvchilar va talabalar yoshlarimizning barcha ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!