11 Apr Universitetimizda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Sharqona yangi yil, milliy qadryatlarimizning yorqin ifodasi bo’lgan 21-mart -Navro‘z bayrami har yili yurtimizda katta tayyorgarlik, shodiyona bilan nishonlanadi. Joriy yilda ham yurtimizning har bir viloyati, shaharlari va tumanlarida Navro‘z tantanalari bosqichma-bosqich eng qiziqarli va tomoshabop bayram dasturlarini o‘z ichiga olgan xalq sayillari ko’rinishida o‘tkaziladi.

Uch ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘zi olam o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir.

Universitetimizda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Har kunimiz bo‘lsin – Navro‘z!” shiori ostida  6 aprel  kuni “Talabalar bahori-2019” madaniy-ma’rifiy va badiiy tadbir o‘tkazildi.Universitetda ushbu ayyom zo‘r tantanalar bilan nishonlanadi. Bu yilgi  “Talabalar bahori-2019” madaniy-ma’rifiy va badiiy tadbiri o‘zgacha shukuhda nishonlandi. Bayramona bezatilgan bayram dasturxoniga bahoriy taomlar, jumladan, ko‘klamning shoh taomi— sumalak, ko‘k somsa, chuchvara va albatta, osh tortildi.

Dastavval, tadbir karnay-surnay sadolari ostida ochib berildi. Universiet rektori K.Sharipov so‘zga chiqib, barcha universiet xodimlari va talabalarini Navro‘z ayyomi bilan qutladi.

Bayramga “Chimboy” va “Achaobod” mahalla faollari, yoshi ulug‘larlari ham taklif etildi.Tadbirda so‘z olganlar ming yilliklar osha nishonlanib kelinayotgan Navro‘z bayramining mohiyati, hayotimizda tutgan o‘rni, ayniqsa, mustaqillikdan so‘ng, milliy bayram sifatida qayta ko‘z ochgani, qadr topgani  xususida to‘xtalib o‘tishdi. Tadbirning badiiy qismida universietda o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari va ularning ota-onalari tashakkurnoma bilan taqdirlandilar. Shuningdek, universitet iqtidorli talabalari tomonidan milliy qo‘shiqlar va sho‘x raqslar davraga o‘zgacha fayz va ko‘tarinkilik olib kirdi.