17 Apr “O‘zbekiston yoshlari – jinoyatchilikka qarshi” shiori ostida sport festivali o‘tkazildi

Joriy yilning 13 aprelida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Olmazor tuman hokimligi tashabbusi bilan sohibqiron, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 683 yilligiga bag‘ishlab “Amir Temur ajdodlarimiz” shiori ostidagi sport spartakiadasi o‘tkazildi.

Ushbu tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholini muntazam jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Olmazor tumani miqyosida “O‘zbekiston yoshlari yangi zamon bunyodkorlari” shiori ostida ommaviy yugurish musobaqasi va “O‘zbekiston yoshlari – jinoyatchilikka qarshi” shiori ostida sport festivali o‘tkazildi. Mazkur festival Toshkent shahar Olmazor tuman xokimligi, Milliy gvardiya, hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Olmazor tuman kengashi tomonidan tashkil etildi.

Spartakiada doirasida ommaviy yugurish musobaqasi shuningdek,  sportning futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, kurash, shashka, tennis, arqon tortish va varrak turlari bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar juda shiddatli va murosasiz kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Eng quvonarlisi universitetimiz huzuridagi akademik litsey o‘quvchilari jamoasi sportning futbol, basketbol va shaxmat turlari bo‘yicha sovrinli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarni taqdirlash uchun Olmazor tuman xokimi Rahmonov Baxtiyor Sultonovich tashrif buyurdi va shaxsan diplom va sovg‘alarni o‘z egalariga topshirib, tabrikladi.