26 Iyul Universitetimizda bolalarning texnik ijodkorligi xalqaro festival-tanlovi “Youth techno art-2019” o’tkazildi

Joriy yilning 25 iyulida universitetimizda bolalarning texnik ijodkorligi xalqaro festival-tanlovi “Youth techno art-2019”ning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan iqtidorli o’quvchilarni aniqlash va ularni har tomonlama rag’batlantirish maqsadida O’zbeksitonda ilk marotaba tashkil etilgan mazkur festival-tanlovda Iordaniya qirolligi, Armaniston, Qozog’iston va Qirg’iziston davlatlaridan jami 30 nafar iqtidorli o’quvchilar ishtirok etmoqda. Yurtimiz sharafini esa 2018 yilda “Youth techno art-2018” bolalarning texnik ijodkorligi ko’rik-tanlovida g’olib va sovrindor bo’lgan jami 22 nafar o’quvchilar himoya qilishmoqda.
Festival-tanlovning ochilish marosimida so’z olgan Xalq ta’limi vaziri o’rinbosari Kenjayev Dilshod  Mutalibovich tanlovning asosiy maqsadi o’quvchilar o’rtasida fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yo’nalishlariga muvofiq robototexnika, mexatronika va injenerlik qobiliyatlarini ro’yobga chiqarish, butun dunyo o’quvchi yoshlari o’rtasida texnik ijodkorlikni rivojlantirish hamda davlatlar o’rtasida o’zaro do’stlik aloqalarini yaxshilashdan iborat ekanligini ta’kidlab o’tdi. Shundan so’ng namoyish etilgan turli bolalar ashula va raqs ansambillari va badiiy jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi festival qatnashchilari va mehmonlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Ochilish marosimidan so‘ng, “Youth techno art-2019” ishtirokchilari avia-raketamodel, robototexnika, radiotexnika, elektronika va aloqa yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ishlanmalarini namoyish etdilar va nazariy hamda amaliy shartlar asosida baholandilar. Nazariy shartga ko‘ra, to‘rt yo‘nalish bo‘yicha tayyorlangan mahsulotlar sxemasi va ijod mahsulining yaratilishi tarixi hamda unga ishlatilgan mahsulotlar haqida ma’lumotlar beriladi. Amaliy shartda esa ishtirokchilar o‘z ijodiy ishlarini tayyorlashdi hamda ularning harakatlanishi va qanday funksiya bajarishini namoyish etishdi.
Tanlov qatnashchilarining ishlanmalarini baholashda universitetimiz Mexatronika markazi mutaxassislari Sardor Umarov, Erlan Javgashev hamda Aziz Ilxomov bevosita ishtirok etdilar. Bundan tashqari, shu kuni yurtimiz o’quvchi yoshlarining texnik ijodkorlik ko’rgazmasi tashkil etildi.