21 Fev Buyuk shoirlarni xotirlab…

TTPU
image_print

Yurtimizda fevral oyida  tavallud topgan ikki buyuk bobakalonimiz she’riyat mulkining sultoni, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hamda buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi  barcha ilm dargohlarida  keng nishonlanmoqda. Jumladan, joriy yilning 13 fevral kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ham “Buyuk shoirlarni xotirlab” nomli ijodiy kecha o‘tkazildi.

Tadbirga o‘zbek dublyaj san’atiga katta hissa qo‘shgan, 1000 dan ortiq filmga ovoz bergan, O‘zbekiston xalq artisti, taniqli notiq Afzal Rafiqov mehmon sifatida taklif etilgan. Shu bilan birga Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik lisey o‘qituvchi va o‘quvchilari, universitet xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni “O‘quv ishlari” bo‘yicha prorektor  Igor Semone Stievano ochib berdi. Igor Semone Stievano talaba-yoshlarga  Navoiy va Bobur hayoti  va ijodiy faoliyati bilan tanishib chiqqanida, ularning badiiy-ilmiy merosi, mamlakatimizda ulug‘ ajdodlarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, shoir asarlarining navqiron avlod tafakkurini boyitishdagi o‘rnini ko‘rib xayratga tushganini va ularga cheksiz hurmatini ta’kidladi. Nutqi so‘ngida Alisher Navoiyning g‘azalini ingliz tiliga tarjima qilinganini aytib berdi.

Tadbirning badiiy qismini iqtidorli talabalar tomonidan aytilgan, ma’naviyat va adabiyotning so‘nmas siymolari Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur qalamlariga mansub g‘azal va ruboiylardan bilan boshlandi.

Daholarning bebaho asarlari ma’naviy teranligi  hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangan. Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan Uyg‘unning “Alisher Navoiy” drammasi, Xurshid Davronning “Boburshox” spektaklidan Boburning munojoti sahnasidan parcha ijro etilgani barchani e’tiborini qozondi. Ushbu spektakllarda asarlarining mazmun-mohiyati, badiiy hususiyati, teran falsafasi, tarbiyaviy ahamiyatini chuqur singdirish,  yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi, odamlar o‘rtasida  mehr-oqibat va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyati aks ettirilgan.

Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, universitet xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning oltin merosiga bag‘ishlangan videorolik taqdim etildi.

Ijodiy kechaning muhim mehmoni Afzal Rafiqovga so‘z berildi. U Mustaqillik tufayli siz yoshlarga shunday buyuk bobolarimizning merosini o‘rganish baxti nasib etdi. Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning ibratli hayoti, serqirra ijodi, ilm-fan rivoji yo‘lidagi olamshumul ishlari bugun ham jahon ahlini hayratga solmoqda. Asarlarida tarannum yetilgan inson ruhiyatining go‘zal badiiy ifodasi, ma’naviy kamolot, tinchlik va farovonlik, millatlararo totuvlik, yurt obodligi kabi g‘oyalar barchamizga dasturi amal bo‘lib hizmat qilmoqda.

Ularning hayot va ijodlarini qancha o‘rgansak kam.  G‘azallari-yu, dostonlarini o‘rganar ekanmiz, ijodlariga bo‘lgan muhabbat tobora oshib boradi. Men ham Navoiy bobomizning ro‘llarini ijro etkanimda, o‘zimda katta ishonch  va g‘urur bilan paydo bo‘ladi. Mana shunday bobolarimizning davomchilari ekanimdan faxrlanaman dedi. Dublyaj qiroli “Hamsa”ning “Sadiy Iskandariy” dostonidagi ijod namunasi bilan o‘z so‘zini yakunladi.

Tadbir talaba-qizlar ijrosidagi “Tanovar” raqsi bilan davom etdi.

Ijodiy kechaning yakuniy qismini “O‘quv-uslubiy va ilmiy” bo‘lim boshlig‘i Sultonov Mansur Qilichovich tugatdi va barcha kelgan mehmonlarga, tadbirni mana shunday yuqori saviyada o‘tishida o‘z hissasini  qo‘shgan universitet jamoasiga  minnatdorchiligini bildirdi.