You are currently viewing TTPUda Kitobsevarlar klubi o‘z faoliyatini boshladi

TTPUda Kitobsevarlar klubi o‘z faoliyatini boshladi

Joriy yilning 20 dekabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining kutubxonasida kitobsevarlar klubining ramziy ochilishiga bagʼishlangan madaniy-maʼrifiy kecha oʼtkazildi. Kechada kitobsevar talabalar, ustozlar va tashrif buyurgan mehmon – “Shuhrat” medali sohibasi, adabiy targʼibot va tadbirlarni uyushtirish boʼlimi boshligʼi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Farogʼat Musurmonovna Xudoyqulova qatnashishdi.

Madaniy-maʼrifiy kechani TTPU yoshlar bilan ishlash boʼyicha birinchi prorektori Аshurov Аlisher Mavlonovich ochib berib, klub aʼzolarini ushbu muhim sana bilan tabrikladi va oʼz nutqida kitobsevarlar klubini tashkillashtirilishi universitetimiz talabalari uchun nechogʼlik ahamiyatli ekanligini taʼkidlab oʼtdilar.

Klub tashkilotchisi va kecha moderatori akademik guruhlar tyutori Faxriddin Oʼrolovich Sattiev tadbir ishtirokchilariga kitobsevarlar klublarining shakllanish tarixi, afzalliklari va maqsadlari, klub aʼzolarining uchrashuvlarini tashkillashtirish formatlari toʼgʼrisida taqdimot namoyish qildi.

Shundan soʼng tabrik uchun soʼz navbati tadbir mehmoni Farogʼat Musurmonovna Xudoyqulovaga berildi. U kishi universitetimizda shunday klub tashkil qilinganligidan va uning ochilish marosimida faxriy mehmon boʼlib turganligidan juda xursand ekanligini va oʼzini xuddi yoshlik davridagi badiiy muhit ogʼushiga tushib qolganday his qilayotganligini aytdi. Soʼzi davomida kitob oʼqish asarda ilgari surilayotgan gʼoyani qanday anglash mumkinligi haqida tushunchalar berib oʼtdilar.

Аkademik guruhlari tyutori Eshonqulov Mirshod Neʼmatovich ham kecha ishtirokchilariga kitob mutolaasidan kitobxonga boʼladigan 10 ta asosiy foyda haqida taqdimot namoyish qilib berdi.

Kecha soʼngida ishtirokchilar har oyda bir yoki ikki marotaba oʼqilgan asarlar muhokamasiga kutubxonamizda uchrashuvlar oʼtkazib turishga kelishib olindi hamda tashrif buyurgan mehmonga esdalik sovgʼalari topshirildi.

479
image_pdfimage_print