You are currently viewing Universitet talaba-qizlari o‘rtasida davra suhbati o‘tkazildi

Universitet talaba-qizlari o‘rtasida davra suhbati o‘tkazildi

2024-yil 21-fevral kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talaba- qizlari o’rtasida “Xotin-qizlar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish va erta tug‘ruqning oldini olish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatiga “Oq yelkan” ijtimoiy himoya markazi mutaxassis xodimlari kelib o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdilar. Dastlab so‘zga markaz yuristi Qurbonali Dadajonov chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalasida 3 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 6 ta qarori hamda hukumatning 20 dan ortiq qarorlari qabul qilinganligini, shuningdek mazkur qaror va farmonlarning mazmun-mohiyatini aytib o‘tdilar.

So‘zni universitet Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi F.Nabixanova davom ettirib, ayollarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham o‘z tasdig‘ini topganligi, ayollarga nisbatan qo‘llanilayotgan zo‘ravonliklarga nisbatan qat’iy chora-tadbirlar qo‘llanilishi to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Olmazor tumani IIO FMB 4-son IIB XQMBI katta leytenant O.Ismoilova 2019-yil 2-sentyabr kuni qabul qilingan PQ 562-son “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar to‘g‘risida”gi, xuddi shu kuni qabul qilingan 561-sonli “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyatlari tushuntirib o‘tildi. Bundan tashqari himoya orderi nima ekanligi, undan qay tartibda foydalanish mumkinligi, himoya orderi shartlari buziladigan bo‘lsa qanday javobgarlik masalalari borligi bo‘yicha talabalarga tushuntirish ishlari berib o‘tildi.
Shundan so‘ng “Oq yelkan” ijtimoiy himoya markazi psixologi Deniz Mametova Xotin-qizlar va erkaklar uchun gender tenglik hamda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan o‘tkazilayotgan tazyiq va zo‘ravonlik mavzusida ma’ruza qildi. Bundan tashqari taz’yiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga psixologik ko‘mak qanday berilishi haqida ham aytib o‘tildi.
Talabalar shaharchasi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi akusher-ginekologi Yakubjanova Shahzoda, qizlarni sog‘lom turmush tarziga qanday rioya etish kerakligi, reproduktiv salomatlik hamda erta turmushning salbiy oqibatlari to‘g‘risida talaba qizlarga ma’lumot berib o‘tdi.
Davra suhbati so‘ngida mavzu yuzasidan talabalarning savol, taklif hamda mulohazalari tinglanib ularga atroflicha javob va ko‘rsatmalar berildi.

886
image_pdfimage_print