You are currently viewing Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga tashrifi natijalari

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga tashrifi natijalari

Joriy yilning 6-9 may kunlari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirdi.

Xizmat safarining ilk kunida Seoul Digital Foundation prezidenti Yosik Kang bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda raqamlashtirish sohasida sun‘iy intellektni joriy qilishda ilmiy tadqiqot olib borish, talaba yoshlarning mazkur sohaga oid startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda AKT sohasida aholini bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.

Natijada, joriy yilning 10-12-oktabr kunlari aqlli shahar, sun’iy intellekt va robototexnika sohasida faoliyat olib boruvchi dunyoning 230 dan ortiq tashkilotlari tomonidan 20 mingga yaqin mutaxassislar, olimlar hamda talabalar ishtirok etishi rejalashtirilgan Seoul Digital Foundation tomonidan tashkil etiladigan Seoul Smart Life Week tadbirida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Koreya Dasturiy Sanoat Assotsiatsiyasi (Korea Software Industry Association) raisi oʻrinbosari Kim Don Chol bilan muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuvda IT korxonalar talablaridan kelib chiqib TTPUning IT yoʻnalishidagi o‘quv dasturlarini takomillashtirish va TTPU talabalari o‘qishni bitirishiga qadar Assotsiatsiyaning “Xalqaro IT Sertifikat”ni olish masalalari muhokama etildi.

Xizmat safarining ikkinchi kunida delegatsiya a’zolari “Korea Dron Sanoati Assotsiatsiyasi” raisi Chon Min Pak, “Skyports” korxonasi bosh direktori Hyuk Pak, “Jin-Air korxonasi” rahbari Sun Jin Kin hamda “Accesswe UAV system korxonasi” ijro etuvchi direktori Jun Bom Lee bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv doirasida bugungi kunda Oʻzbekistonda dronlarga boʻlgan katta ehtiyoj yoʻnalishlari, ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish va dasturiy taʼminot ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv yakunida, “Korea Dron Sanoati Assotsiatsiyasi”, “Skyports”, “Jin-Air”, “Accesswe UAV system” korxonalari hamda TTPU oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek delegatsiya a’zolariBizData korxonasining ijro etuvchi direktori Teyjin Kim bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda katta hajmdagi maʼlumotlar (BigData) orqali avtomobilsozlik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi hamda tabiiy resurslarni tejash boʻyicha innovatsion loyihalarni amalga oshirish va TTPU talabalarining yozgi amaliyotini oʻtash masalalari muhokama etildi.

Natijada BizData va TTPU oʻrtasida ishlab chiqarish korxonalari uchun suvni qayta ishlash texnologiyalarini transfer qilish va AI boʻyicha muhandislarni tayyorlash hamda talabalar yozgi amaliyotini o‘tash boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kunning ikkinchi yarmida Koreya Xalqaro Sanoat Hamkorlik Instituti direktori Chon Ok Re bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv doirasida bugungi kunda sanoat korxonalarning kadrlarga boʻlgan talabi boʻyicha oʼquv dasturlarini ishlab chiqish va ishga tushirish, IT sohasida kadrlarni tayyorlash borasida Janubiy Koreya ilg‘or tajribasini joriy etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, Koreya Xalqaro Sanoat Hamkorlik instituti bilan TTPU keyingi oʻquv yilidan boshlab dasturlash, sunʼiy intellekt, IT muhandisligi, mobil ilovalarni dasturlash hamda mediadizayn yoʻnalishlari boʻyicha birgalikda taʼlim dasturlarini amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Xizmat safarining uchinchi kunida Yeungnam universiteti Prezidenti Choi Oe-chool bilan Janubiy Koreya tajribasi asosida TTPUda IT muhandisligi yoʻnalishlarida kadrlarni tayyorlashda 2+2 modeli asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, professor o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Natijada bakalavr talabalari uchun ikki yil TTPUda keyingi ikki yilni Yeungnam universitetida davom ettirish imkoniyatini yaratish orqali qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil qilish, IT muhandisligi sohasida sanoat korxonalarining aniq ehtiyojlaridan kelib chiqib malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni Janubiy Koreyaning yirik IT korxonalarida amaliyotini taʼminlash, ikkala universitetlarning oʻzaro almashinuvini tashkil qilish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Xizmat safarining toʻrtinchi kunida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Janubiy Koreyaning avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan Ajin Industrial Co. kompaniyasiga tashrif buyurildi va kompaniyaning faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Kompaniyaning ijro etuvchi direktori Sea Junho bilan TTPU talabalarini amaliyot o‘tashlari va qo‘shma taʼlim dasturlari bitiruvchilarini mazkur korxonada ishlash istiqbollari muhokama etildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Kyonbuk texnoparki huzurida tashkil etilgan Elektromobil Akkumulyatorlarini Qayta Ishlash R&D Markazi va Kelajak Avtomobillar Markazi faoliyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Muzokaralar natijasida TTPUda Elektromobil Akkumulyatorlarini Qayta Ishlash R&D Markazini Kyonbuk Texnoparki bilan hamkorlikda Koreya grant mablagʻlari asosida tashkil etish va ushbu yoʻnalishda TTPU izlanuvchilarini Koreya Respublikasiga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishga kelishib olindi.

Shu bilan TTPU rektori Olimjon Toʻychiyev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga xizmat safarini yakunlab 10-may Toshkent shahriga yetib keldi

519
image_pdfimage_print